Vengriyadagi parlament saylovlarida muxolifatdagi “Tisa” partiyasi gʻalaba qozondi
Vengriyada boʻlib oʻtgan parlament saylovlari yakunlariga koʻra, Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatdagi “Tisa” partiyasi gʻalaba qozondi, deb xabar bermoqda BBC.
Saylovlar ham partiya roʻyxatlari, ham bir mandatli saylov okruglari boʻyicha boʻlib oʻtdi. Byulletenlarning qariyb 99 foizi qayta ishlanganidan soʻng, “Tisa” partiyasi 199 ta mandatdan 138 tasiga ega boʻlmoqda.
Mamlakatni 16-yildan beri boshqarib kelayotgan bosh vazir Viktor Orbanning “Fides” partiyasiga 54 ta mandat tegdi. Yana oltita oʻrin oʻta oʻngchi “Bizning vatanimiz” partiyasiga nasib etdi. Vengriyada parlamentga kirish uchun partiyalar 5 foizlik toʻsiqdan oʻtishlari kerak.
Vengriya qonunchiligiga koʻra, ovozlarni yakuniy hisoblash shanba, 18-apreldan kechiktirilmagan holda yakunlanishi lozim.
Viktor Orban allaqachon Peter Madyarni gʻalaba bilan tabriklaganini maʼlum qildi. U saylov natijalari tushunarli ekanini qayd etib, buni “ogʻriqli” deb atadi va “Fides” endi muxolifatda boʻlgan holda Vengriyaga xizmat qilishini qoʻshimcha qildi.
Budapesht markazida tarafdorlarining gʻalaba mitingida nutq soʻzlagan Madyar: “Biz buni uddaladik”, deb aytdi.
“Biz birgalikda Vengriyani ozod qildik va Orban rejimini agʻdardik. Yakshanba kuni saylov uchastkalariga kelib ovoz berganlarsiz buning iloji boʻlmas edi”, — deya taʼkidladi Madyar.
“Tisa” yetakchisining soʻzlariga koʻra, demokratik Vengriya tarixida hech qachon bunchalik koʻp odam ovoz bermagan. Saylovda saylovchilarning ishtiroki rekord darajada — 74,23 foizni tashkil etdi.
Peter Madyar oʻz nutqida boʻlib oʻtgan ovoz berish vengerlar “Yevropaga ha” deganini anglatishini aytdi. U yangi hukumatni oldinda katta ishlar kutayotganini maʼlum qildi.
Viktor Orban Vengriyani 16-yil davomida boshqardi. U Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning Yevropadagi asosiy sheriklaridan biri hisoblanardi. Orbanni AQSH Prezidenti Donald Tramp ham faol qoʻllab-quvvatlab, agar u bosh vazir lavozimida qolsa, Qoʻshma Shtatlar Vengriyaning “gullab-yashnashiga” hissa qoʻshishga tayyorligini aytgan edi.
Peter Madyar — markazchi-oʻng siyosatchi boʻlib, Yevropa bilan munosabatlarni tiklash tarafdori. Ukrainani qoʻllab-quvvatlash masalasida uning “Tisa” partiyasi ehtiyotkorona pozitsiyani egallagan — ular Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tezlashtirilgan tartibda aʼzo boʻlishiga qarshi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring