Vazir boshqaruv kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
Bugun oʻz ishini boshlagan “Uy ustalari”(HouseMaster) uchun xalqaro vebinar mashgʻulotida davomida Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sherzod Hidoyatov mamlakatimizdagi yirik Uy-joy boshqaruv kompaniyalari rahbarlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda sohadagi muammolar roʻyi rost oʻrtaga tashlanib, ularning yechimlari boʻyicha aniq takliflar bildirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir shirkatlar tomonidan ishlatilayotgan har bir soʻmning aynan nimaga yoʻnaltirilayotganini aholi shaffof koʻrib turishi va xizmat koʻrsatish sifatidan rozi boʻlishi kerakligini alohida taʼkidladi. Dunyoning ilgʻor davlatlari tajribalari xususida ham soʻz yuritilib, ulardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, tadbir qatnashchilari tomonidan bildirilgan uy-joy boshqaruvi faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi barcha takliflar jiddiy oʻrganilib chiqilib, amaliyotga joriy etilishiga jiddiy eʼtibor qaratilishi aytib oʻtildi.
Mazkur vebinarda “Uy ustasi” (“HouseMaster”) faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi muhim jihatlar xususida batafsil soʻz yuritildi. Germaniya va Turkiya davlatlarining bu boradagi ilgʻor tajribasidan unumli foydalanishimiz zarurligiga alohida urgʻu berildi. Hozirda Oʻzbekiston va Qozogʻistonda Yevropa Ittifoqining dasturi amalga oshirilmoqda. 2017-2019-yillarda koʻp qavatli uylarni boshqarishga qaratilgan loyiha bor edi. Endi 2023-yilgacha yangi dastur tasdiqlandi. Ushbu dastur uy-joy boshqarishda kadrlarni oʻqitish, bilimini oshirishdan iborat. Mazkur loyiha doirasida jahon andozalariga monand darajadagi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasining professional taʼlim standartlari ishlab chiqiladi. Shu asosda esa sohaga zaruriy boʻlgan malakali kadrlar tayyorlanadi. Pirovard natijada esa sohadagi xizmat sifati keskin oshirilib, shaffoflik taʼminlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring