Vatan nomini sharaflash — eng ulugʻ maqsad
Foto: “Xalq soʻzi”
Bu dunyoda har bir inson uchun Vatan nomini sharaflash eng ulugʻ maqsad hisoblanadi. Ayniqsa, bugungi yoshlarning qaysi biri ilmda, qay biri ijodda, turli yoʻnalishlarda qitʼa va dunyo miqyosida ana shunday yuksak marralarga intilayotganligi eʼtirofga loyiq. Sportchilar uchun esa bu eng oliy maqsaddir.
Shu maʼnoda men ham ana shunday sharafli vazifani ado etishga muyassar boʻlgan yoshlar safida ekanligimdan baxtiyorman. Albatta, suv sporti boʻyicha shu kungacha xalqaro musobaqalarda qancha yuqori natijalarga erishgan boʻlsam, ularning bariga mamlakatimizda sportni rivojlantirishga boʻlgan yuksak eʼtibor muhim omil boʻldi. Bunga oʻzim ishlayotgan Sirdaryo viloyati Suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida yaratilgan sharoitlarni misol keltirishim mumkin.
Muassasada mening murabbiyligimda sportning akademik eshkak eshish turi boʻyicha koʻplab umidli yoshlar shugʻullanmoqda. Xususan, Muhammadqodir Keldibekov, Sherzodbek Sobirjonov Kamoljon Boyzoqov, Shohjahon Axunjanov kabi yoshlar hozirda mamlakat chempionatlarida bir necha bor gʻolib boʻldilar. Ishonamanki, ular kelgusida yurtimiz sharafini jahon miqyosida ham munosib himoya qiladilar.
Zero, Vatanga sidqidildan xizmat qilganni, uning nomini sharaflaganni Vatan ham sharaflaydi. Buni 30-iyun – Yoshlar kunida kamtarona mehnatimga berilgan yuksak baho – “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini koʻksimga taqqanimda yana bir bor dildan his etdim. Bunday eʼtirof va eʼtibor meni yanada katta gʻalabalar sari ilhomlantiradi.
Anatoliy KRASNOV,
Sirdaryo viloyati Suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan
bolalar va oʻsmirlar sport maktabining akademik
eshkak eshish boʻyicha murabbiyi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring