Varzaklik millionerlar
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati Toshloq tumani hududlari «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida ixtisoslashgan boʻlib, har bir aholi manzilida muayyan turdagi dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Xususan, «Varzak» mahalla fuqarolar yigʻinida ota-bobolardan meros hunar – kigiz toʻqish bilan shugʻullanib kelayotgan hunarmandlar 300 nafarga yaqin mahalladoshining bandligini taʼminlagan.

Mahalladagi hokim yordamchisi Abdugʻani Sulaymonovning aytishicha, oʻtgan yilgi oʻrganish ishlari natijasida mahallada kigizchilikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan qariyb 1 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 2022-yil davomida varzakliklar ichki bozordan tashqari Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Rossiyaga 50 ming dollardan ortiq qiymatda kigiz mahsulotini eksportga chiqardi. Bu hunar ortidan bir oila bir oyda oʻrtacha 5 million soʻm, yiliga 100 million soʻm sof foyda koʻrmoqda.
— Kigiz uchun asosan tabiiy xomashyo ishlatiladi, shu bois u sifatli, arzon va uzoq muddat xizmat qiladi, — deydi shu mahallada yashovchi tadbirkor Husniddin Rahimov. — Keyingi yillarda hunarmandchilik rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli faoliyatimni kengaytirib, oʻn nafar mahalladoshimni ishli qilish imkoniga ega boʻldim. Milliy uslub va anʼanalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz juda ham xaridorgir.
Botir Madiyorov, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring