Vaqtinchalik Reglamentga oʻzgartishlar kiritildi
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yigʻilishlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 16-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi kurashish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik Reglament”ga muvofiq, oʻtkazib kelinmoqda.
Hozirgi murakkab sharoit karantin davomida palata faoliyatini yana-da takomillashtirish, samarali yoʻlga qoʻyishni taqozo etmoqda. Buning uchun tasdiqlangan vaqtinchalik Reglamentga ham oʻzgartishlar kiritilishi talab etiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ushbu dolzarb masala deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi.
Xalq vakillarining fikricha, vaqtinchalik Reglamentning 3-moddasiga asosan videokonferensaloqa rejimidagi majlislarda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi, deb belgilangan. Lekin amaliyotda parlament karantin sharoitida ham toʻlaqonli faoliyat koʻrsata olishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonunlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilishini talab qilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik Reglamentning 3-moddasiga oʻzgartish kiritish taklif qilinmoqda. Unga koʻra, karantin davomida videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan palata yigʻilishlarida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish mumkin boʻladi.
Majlisda ushbu taklif jami deputatlarning uchdan ikki qismidan koʻproq ovoz bilan qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring