Valentina Kolazante va Alessio Karbone Toshkentga keladi
Shu yil 14 aprel kuni “Istiqlol” san’at saroyida bo’lib o’tadigan kontsert dasturida dunyodagi afsonaviy teatrlardan birining 11 nafar yakkaxon qo’shiqchisi ishtirok etadi.
Ularning ichida jahon balet san’atining bir qator yulduzlari bor. Xususan, Parij milliy operasi premeri, ya’ni bosh artisti, “balet Oskari” deb ataluvchi “Brilliance of the 21st Century” mukofoti sohibi Alessio Karbone poytaxtimizga tashrif buyuradi. Premer ushbu solistning balet truppasidagi maqomidir.
Bu borada mutlaq yuksak maqom hisoblangan “etual” sohibasi Valentina Kolazante ham san’atkor-mehmonlar orasida bor. U “Don Kixot”, “Bayadera” “Uyqudagi shahzoda”, “Karmen” kabi ko’plab spektakllarda o’z rolini yorqin ijro etib bergani bilan olamga tanilgan. Pol Mark esa – Parij milliy operasining porlab kelayotgan yulduzi. O’zining 21 yoshida u qator xalqaro mukofot va sovrinlarni qo’lga kiritib, dunyo e’tirofiga sazovor bo’ldi. Ularning barchasi o’zbekistonlik muxlislar oldida chiqish qilishadi.
San’at kechasida “Oqqush ko’li 4-akti”, “Don Kixot”, “Korsar” kabi balet asarlaridan parchalar namoyish etiladi. An’anaviy dekoratsiyalar o’z o’rnini yorqin chiroqlar va nafis liboslarga bo’shatib beradi. Bu mashhur asarlarning yangicha, taniqli xareograflarning ajoyib yondashuvlarini o’zida ifodalagan kutilmagan talqini bo’ladi.
Ma’lumot uchun, Parij milliy operasi tarixi to’rt yuz yildan ortiq vaqtni o’z ichiga olgan tarixga borib taqaladi. U o’zida Evropa operasi va baletining eng yaxshi an’analarini jamlashi qatorida, bugunga kelib zamonaviy xareografiyaning yorqin ranglarini ham uyg’unlashtirgan. O’ziga xos raqs texnikasi va navqiron, ammo yuksak mahoratli san’atkorlarning ko’pligi Parij operasiga noyoblik baxsh etmoqda. Bu erda solistlarning o’rtacha yoshi 25da. Ayni paytda mazkur teatr nafaqat Parijning asosiy sahnasi, balki sayyoramizning etakchi ilhom maydonlaridan biridir. Uning truppasiga iste’dodlarni saralab olish tizimi o’ta talabchan va qat’iyligi bo’yicha jahonda asosiy o’rinlardan birini egallaydi.
Yuliya LOGVINA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring