Vaksinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlaydimi?

23:12 06 Mart 2021 Jamiyat
1665 0

Ayni paytda koʻpgina mamlakatlarda “COVID-19” virusiga qarshi ommaviy emlash jarayoni amalga oshirilmoqda. Yurtimizda ham joriy yil koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini ommaviy emlash jarayoni oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu bois, keng jamoatchilikda vaksina oʻzi nima ekani, u qanday ishlashi, ommaviy emlash jarayoni qay tartibda olib borilishi toʻgʻrisida toʻlaqonli axborot berish maqsadida SSV matbuot xizmati turkum suhbatlar uyushtirmoqda. Savollarimizga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Botir Qurbonov javob beradi.

— Vaksinalar qanday ishlaydi?

— Vaksina — bu mikrobning (virus yoki bakteriyalarning) zaiflashgan, zararsiz boʻlagi boʻlib, tanangizning tabiiy immuniteti bilan birgalikda kasallik yuqishi xavfini kamaytiradi. Vaksina tanangizga yuborilgandan keyin immunitet tizimingiz tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi va bu mikrobga karshi kurashish uchun antitanachalarni ishlab chiqarib, u bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi.

Agar kelgusida ushbu mikrob taʼsiriga yana duch kelsangiz, immunitet tizimingiz uni qanday yoʻq qilishini biladi, siz kasal boʻlmaysiz.

Shunday qilib, vaksina tanada kasallikka qarshi immunitetni ishlab chiqishga koʻmak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi. Kasallik paydo boʻlganidan keyin uni davolashdan koʻra, emlash orqali kasalliklarning oldini olish maqsadga muvofiq.

— Vaksinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlay oladimi?

— Bu savolga javob berish uchun qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazilishi talab etiladi. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, “COVID-19” virusidan tuzalgan odamlarning aksariyatida immunitet shakllanadi. Uning davomiyligi qancha muddat saqlanib turishini vaqt koʻrsatadi.

— COVID-19 ni yuqtirish oqibatida shakllangan immunitet kuchlimi yoki unga qarshi emlangandan keyin hosil boʻlgan immunitetmi?

— Insonda infeksiya yuqishi natijasida hosil boʻlgan “tabiiy immunitet”ning shakllanishi organizmning oʻziga xos xususiyatlariga bogʻliq. Ushbu virus insoniyat uchun yangi boʻlganligi sababli, bu savolning aniq javobini hali bilmaymiz. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, “COVID -19” ni yuqtirib olish natijasida hosil boʻlgan immunitet 90 kun davomida qayta kasallanishdan saqlaydi.

“COVID-19” vaksinalarining real hayotda qanday taʼsir qilishi haqida ayni paytda barcha xalqaro ilmiy-tekshirish institutlari va nufuzli vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda izlanishlar olib borilmoqda. Emlashdan keyingi immunitet davomiyligi haqida bir narsani aniq ayta olamiz, barcha tadqiqotchilar tomonidan ushbu vaksinalar qabul qilingandan keyin toʻliq bir yil davomida kasallikka qarshi immunitet hosil qilishi taʼkidlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер