Vakillik organlarining samarali hamkorligi — islohotlar natijadorligini taʼminlaydi
Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda deputatlar tomonidan yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida bajarilayotgan ishlar samaradorligini oshirish shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur masalalar yuzasidan Jarqoʻrgʻon tumani hokimi E. Avazovning shuningdek, Jarqoʻrgʻon tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A. Berdinazarovning axborotlari eshitildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholini ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik tashabbuslarini roʻyobga chiqarishga moliyaviy koʻmaklashish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jarqoʻrgʻon tumanida ham yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, shu orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar qilinyapti. Jumladan, aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilishga ustuvor ahamiyat berilib, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotir.
Tumanda joriy yilda 31,5 ming nafar aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish boʻyicha mahalla kesimida yigʻma maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqilib, tarmoqlar va sohalar kesimida aholi bandligini taʼminlash boʻyicha reja-grafik tasdiqlab olingan.
Jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida — 21,2 ming nafar, xizmatlar sohasini rivojlantirish hisobiga — 6,3 ming nafar, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga — 0,9 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi. 2023-yilning yanvar-iyul oylarida 23,1 ming nafar aholining bandligi taʼminlangan.
Sessiyada deputatlar tomonidan yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash ishlari talab darajasida emasligi qayd etilib, aholi bandligini kafolatlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ularning muammolarini bevosita mahallalarda hal etish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Qayd etilganidek, tumanda aholining huquq va erkinliklarini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir mahalla kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda “fuqarobay” ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash hamda “Xavfsiz hudud” tamoyili asosida ish olib borilmoqda.
Tumandagi 31 ta mahalla “yashil”, 27 ta mahalla “sariq” hamda 8 ta mahalla “qizil” toifadagi mahallalarga kiritilgan. Tuman hududidagi “sariq” va “qizil” mahalla toifasiga tushgan mahallalarda jinoyatlarni kamaytirish maqsadida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish, sodir etilgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olinib, mahalla beshligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Tumanda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish yoʻnalishida tizimli ishlar olib borilayotganiga qaramay jinoyatchilik soni oshgani qayd etilib, ularni bartaraf qilish boʻyicha takliflar berildi.
Sessiyada ushbu masala yuzasidan Jarqoʻrgʻon tumani prokurori, mahalla fuqarolar yigʻinlari profilaktika inspektorlarining munosabatlari ham eshitildi.
Sessiya yigʻilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov ishtirok etdi hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiya, uning mazmun-mohiyati, ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining oʻrni va masʼuliyati, shuningdek, Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi, unda ilgari surilgan tashabbuslar, belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida toʻxtaldi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri aholi bandligini taʼminlashda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib ish tashkil etish lozimligi, “Taʼlim toʻgʻrisidagi”gi Qonunda koʻzda tutilgan qoidalarga amal qilinishini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar boʻyicha xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Qizlarshoy RAHMATOVA, xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashi deputati:
— Sessiyada Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etgani, quyi palata faoliyati haqida yaqindan tanishganimiz va tajriba almashganimiz, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida keng maʼlumotlar berilgani ayni muddao boʻldi. Sababi, bu kabi omillar, albatta, bizning faoliyatimizga yangicha ruh bagʻishlaydi, vakillik organlari faoliyatining samaradorligini oshiradi. Chunki yigʻilishda juda muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, oʻtgan davrda tumanda yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan, koʻplab yoshlarning, xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan. Tuman hokimiyati va tegishli idoralar rahbarlari hisobotlarini muhokama qilish jarayonida bunga amin boʻldik.
Eʼtiborlisi, tumanimizda ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Agar biz ulardan unumli foydalansak, hududda tabirkorlik subyektlari koʻpayadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Natijada aholining turmushi yaxshilanadi. Shu bois, bugungi sessiya yigʻilishida ham bu borada bajarilishi lozim boʻlgan ishlar atroflicha muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Rustam DAVLATOV, xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashi deputati:
— Ochigʻini aytish kerak, yigʻilishda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Sohadagi keng koʻlamli ishlar qayd etilib, jinoyatlarning oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlarda mahalladagi beshlik va mahalla faollari oʻrtasidagi hamkorlik tizimli yoʻlga qoʻyilmagani natijasida oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyatlar sodir etilgani jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi. Albatta, biz bulardan toʻgʻri xulosa chiqargan holda, mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy-muhitni sogʻlomlashtirish, yoshlar va ayollar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishda bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Shuningdek, kelgusida tumanimiz butun respublikada jinoyatchilikdan xoli boʻlgan tumanlardan biriga aylanishi, bunda barcha deputatlar oʻz hissamizni qoʻshishga, mahalla faollari, hudud deputatlari, IIB xodimlari bilan uzviy hamkorlikda ishlashga kelishib oldik.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring