Uzumchilikdagi istiqbolli tajribalar ommalashtirilmoqda

11:44 14 Aprel 2026 Jamiyat
213 0

Samarqand viloyatida uzumchilikni rivojlantirish va mayiz eksportini oshirishga qaratilgan yangi tajribalar amaliyotga joriy etilmoqda. Bugungi kunda viloyatda jami 54 ming 535 gektar maydonda uzumzorlar mavjud boʻlib, shundan 16 ming gektarga yaqini Ishtixon tumani hissasiga toʻgʻri keladi.

Bugungi kunda tumanda 62 ta mahalla mavjud boʻlib, shundan drayveri uzumchilikka ixtisoslashgan 22 ta mahallada 16 ming gektar uzumzorlar mavjud. Uning 3 ming gektari aholi tomorqasida 13 ming gektari esa 494 ta fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan parvarishlab kelinmoqda.

Mavjud uzumzorlarning 3 foizi sanoatbop xoʻraki, oftobi navlari va 97 foiz uzumning qora kishmish navi ekib parvarishlanmoqda. 2025-yil 180 ming tonna uzum mahsuloti yetishtirilib, 39 ming tonna mayiz olindi.

Oʻrtacha 1 gektaridan 110 sentenerdan uzum yetishtirilib, ichki bozorda 10-12 ming soʻmdan sotilmoqda. 1 gektaridan oʻrtacha daromad 110 million soʻmni tashkil etyapti.

Qayta ishlab mayiz holatiga keltirilsa 2,9 tonna mayiz olinadi, bu ichki bozorda oʻrtacha 40-50 mingdan sotilmoqda. 1 gektaridan oʻrtacha daromad 130 million soʻmni tashkil etmoqda.

Yetishtirilgan mayizbop uzumdan faqatgina tumandagi eksportchi korxonalar tomonidan 2025-yilning oʻzida 15 million dollarlik mayiz eksport qilindi. Eksport hajmini birgina uzum, mayizni oʻzidan 20-25 million dollarga yetkazish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari tumandagi mavjud 16 ming gektarga yaqin uzumzorlarni 2028-yilgacha bosqichma-bosqich shpol ustunlarga koʻtarish rejalashtirilgan. Hozirgi kungacha 4 ming gektar yer maydonlarida shpol ustunlar koʻtarildi.

Xususan, tumanning “Bahrin qahramoni” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Shuyxontepa uzumlari” fermer xoʻjaligida mayizbop uzum yetishtirish boʻyicha katta tajriba toʻplangan boʻlib, bugungi kunda bu yerdagi hosildorlikni oshirishga qaratilgan ilgʻor tajribalar ommalashtirilmoqda.

Hududdagi mahallalar aholisi ham asosan uzumchilik bilan shugʻullanib, ichki va tashqi bozorga mayiz yetkazib berib kelmoqda. Ayni kunlarda mahallalarda uzumzorlarni bosqichma bosqich shpol ustunlarga koʻtarish ishlari amalga oshirilmoqda. Mutaxassislar ushbu usulning hosil sifatini yaxshilash, mehnat samaradorligini oshirish va uzum parvarishini yengillashtirishdagi ahamiyatini yuqori baholashmoqda.

— Bu usulda tok novdalari shpol ustunlariga tortilgan simlarga taralgan holda bogʻlab chiqiladi. Bunda esa uning orasidan doimiy shamol oʻtib turishiga, yetishtirilgan hosilni kasallik va chirishdan saqlashga xizmat qiladi, — deydi Ishtixon tumanidagi “Polvonariq” fermer xoʻjaligi raisi Kamol Yaxshiboyev. — Shuningdek, mahsulot sifatini yanada oshirish, uni tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishda bu usul juda qoʻl keladi.

Viloyatda fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish orqali yuqori hosil olish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, shuningdek, uzum va mayiz eksporti hajmini 50 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur tashabbuslar uzumchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholi daromadlarini oshirish va viloyatning eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер