Uzoq muddatga moʻljallangan hayotbaxsh dastur

13:28 21 Dekabr 2022 Jamiyat
508 0

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasini oʻz ichiga qamrab olgan dolzarb masalalar koʻlami va koʻzlangan maqsadlariga koʻra uzoq muddatga moʻljallangan hayotbaxsh dastur boʻldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Murojaatnomada xalq farovonligi hamda mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi qator tashabbuslar ilgari surildi. 7 ta asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga qamrab olgan maʼruzada davlatimiz rahbari qaysi soha xususida toʻxtalmasin, ularni batafsil tahlil qilib, muammolarni hal qilish mexanizmlarini ham koʻrsatib berdi. Aniq vazifalarni belgilab berdi.

Prezidentimiz erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida oʻrin egallashi kerakligiga alohida urgʻu berdi.

Jahonda murakkab geosiyosiy vaziyat, energiya resurslari tanqisligi kuchayib bormoqda, oziq-ovqatga ehtiyoj ortib, moliyaviy resurslar qimmatlashayotgan vaziyatda, qanchalik ogʻir boʻlmasin, yurtimizda iqtisodiy islohotlar qatʼiy davom ettirilib, bu borada ichki imkoniyatlar toʻliq safarbar qilinib, xususiy sektor yanada qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladi.

Birinchi navbatda, hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etilishini maʼlum qildi.

Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil boʻlishini qayd etdi. Bu har bir tadbirkorning oʻz moliyaviy qobiliyatidan kelib chiqib, individual soliqqa tortilishini bildiradi.

Biznesga soliq yukini kamaytirish boʻyicha ishlar davom ettirilishi borasida toʻxtalarkan, biznes muhitini yaxshilash uchun faqat soliqni kamaytirishning oʻzi yetarli emasligini aytdi.

Tadbirkorlar hanuz soliq, bojxona, hokimiyat, elektr, kadastr, yongʻin xavfsizligi, sanitar nazorat kabi idoralar tomonidan maʼmuriy bosimlarga uchrab turgani bois, 2023-yilda nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi idoralar faoliyati yana bir marta tanqidiy koʻrib chiqiladi.

Davlatimiz tomonidan yuqorida belgilab berilgan vazifalarning barchasi xalq noiblari boʻlgan deputatlar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Yurtboshimizning amaliy natijadorlikka daʼvat ruhidagi chaqiriqlarini katta mamnuniyat bilan masʼuliyatni his etgan holda qabul qilishimiz lozim.

Insonga eʼtibor va xalqning najoti boʻlgan sifatli taʼlim boʻlmasa mamlakat taraqqiyoti haqida soʻzlash nooʻrin. Mamlakatimiz rahbarining kelgusi 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yili deb nom bergani ham bejiz emas.

Zimmamizda turgan galdagi vazifa – Murojaatnomada koʻrsatib berilgan vazifalarni amalga oshirishda yakdillik bilan ogʻishmay harakat qilib, xalqimiz va tadbirkorlarimiz bilan yaqindan muloqot oʻrnatib, ularni qiynab turgan muammolarni tizimli oʻrganib, ijobiy hal etilishida koʻmakchiga aylanishimiz zarur.

Bu borada deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz lozim. Zero, xalq noiblariga umid va ishonch bilan qaragan xalqimizning istagi va manfaati yoʻlida xizmat qilishdan ulugʻ maqsad yoʻq.

Hazratqul Xoʻjamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер