Uzilgan bir kiprik

14:36 02 Aprel 2020 Jamiyat
1384 0

Gʻijduvon tumani Sohibiyon mahalla fuqarolar yigʻini Palonze qishlogʻida istiqomat qilgan Temir Sobirov koʻngillilar qatorida urushga yoʻl olganida endigina 17 yoshda edi.Xayrlashayotib, “Men gʻalaba bilan qaytaman. Agar... agar jangda halok boʻlsam, jasadim oʻzga yurtlarda qolib ketmasin. Hech boʻlmasa, koʻmilgan joyimdan bir siqim tuproq olib, qishlogʻimiz mozoriga qoʻyinglar”, dedi. Uning onasi Poʻlat aya bilan ukasi Jabborga aytgan soʻnggi soʻzlari shu boʻldi.

Oradan bir yil oʻtib, 1944-yilning boshida Temirning qahramonlarcha halok boʻlgani toʻgʻrisida “qora xat” keldi.Shoʻrlik onaizor umrining qolgan qismini farzand dogʻi bilan oʻtkazdi.

-Toʻngʻich nevaralari boʻlganim uchun Poʻlat buvim umrlarining oxiriga qadar Temir amakimning soʻnggi soʻzlarini menga tez – tez aytib, chuqur “uh” tortardilar,- deya eslaydi 2- darajali adliya maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik, ayni damda Kogon tuman maktabgacha taʼlim boʻlimida yurist – maslahatchi vazifasida ishlayotgan Jalol Sobirov.- Afsuski, shu armon bilan bu dunyoni tark etdilar.

-Temirjonni yaxshi eslayman,- deydi Palonze qishlogʻida yashovchi 97 yoshli Muhit bobo Nozimov.- Oʻsha kezlarda hududimizda “Matbuot” deb nomlangan kolxoz boʻlardi.Hali 17 yoshga ham kirmagan Temirjon shu xoʻjalikning bosh hisobchisi vazifasida ishlardi.Tashkilotchi, bilimli, zehni oʻtkir,faol yoshlardan edi.Qadamidan oʻt chaqnardi.Noming oʻchgur urush boʻlmaganida undan el – yurt koriga yaraydigan fidoyi rahbar chiqardi.Bunga ishonchim komil.

Qishloqda yashovchi 90 – 95 yoshli Habib va Hamid Temirovlar ham shu mazmundagi soʻzlarni aytishdi.

Xoʻsh, Temirjonning taqdiri qanday kechgandi?Bu savolga Sobirovlar sulolasi vakillari yaqinda javob topishdi.

-Oʻgʻlim Jasurjon ijtimoiy tarmoqlar orqali amakim haqida aniq va toʻliq maʼlumotni olishga muvaffaq boʻldi,-deydi Jalol aka.- Unda aytilishicha, Temir Sobirov 350 –sonli oʻqchi diviziya tarkibida Tula, Voronej, Xarkov, Donesk, Bryansk, Smolensk, Gomel va Kiyevni fashistlardan ozod qilishda qatnashgan.Jitomir oblasti Radomishlskiy rayoni Guta – Zabelovskaya qishlogʻida boʻlib oʻtgan ayovsiz jangda halok boʻlgan.Shu yerdagi birodarlik qabristonida dafn etilgan.

-Kogon shahrida yashovchi xolam Halima Raupovaning uylariga borganimda u kishi akalari Hamid (togʻam)ni eslab, Temir amakim bilan birga frontga joʻnaganliklarini, lekin ikkalasi ham ona – yurtga qaytmaganligini soʻzlab bergandilar,-davom etadi suhbatdoshimiz.-Ulardan birgalikda tushgan ushbu surat yodgor boʻlib qolgan.

Jalol aka shunday degancha bizga 1943-yilda olingan suratdan nusxa taqdim etdi.Suratda (yuqori qatorda) palonzelik Rustam Rajabov, Ato Toʻlayev,Rahmon Nabiyev, (pastki qatorda) Hamid Raupov, oʻrtada ism – sharifi nomaʼlum xorazmlik jangchi va Temir Sobirov tasvirga olingan.

Ha, shoirning “Uzilgan bir kiprik abad yoʻqolmas”, deya yozganicha bor.Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan bir yurtdoshimizning qismatiga oydinlik kiritildi.Endi esa Jalol aka insoniyatni fashizm balosidan xalos etmoq yoʻlida jonini qurbon qilgan Temir Sobirovning vasiyatini bajarish niyatida.Mard jangi qabridan keltiriladigan bir siqim tuproq armon bilan dunyodan koʻz yumgan Poʻlat momoning ham ruhini shod etishi muqarrar.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер