Olti oyda O‘zbekistonda 21,5 trln so‘mdan ortiq qurilish ishlari bajarildi
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasida jami 21 trln 588,8 mlrd.so‘m qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 109,7 %ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida qayd qilingan.
Unga ko‘ra, jami qurilish ishlari hajmidan yirik pudrat tashkilotlari tomonidan 6 929,5 mlrd.so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 32,1 % hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,4 %ni tashkil etdi.
Kichik korxona va tashkilotlar, mikrofirmalar hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 40,7 %i yoki 8 787,9 mlrd.so‘m to‘g‘ri keldi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 %ni tashkil etdi, norasmiy sektor hissasiga esa 27,2 % yoki 5 871,4 mlrd.so‘m to‘g‘ri keldi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 101,1 %ni tashkil etdi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlarining asosiy qismi qurilish loyihalarini ishlab chiqish, turar joy va yashash uchun mo‘ljallangan binolar qurish hamda yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bo‘yicha amalga oshirilgan qurilish ishlaridan tashkil topdi. Ularning ulushi jami qurilish ishlari hajmida 78,2 %ni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,1 % punktga ko‘paydi.
Fuqarolik qurilishi obyektlarini qurish bo‘yicha qurilish ishlari hajmi joriy davrda 10,6 %ni tashkil etib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,9 % punktga kamaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring