“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan navbatdagi beshinchi turkum dori vositalari Misrdan Oʻzbekistonga yetkazib berildi
Kecha “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimiz uchun insonparvarlik yordami tariqasida ajratilgan S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining beshinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul yetkazib berdi.
Ushbu insonparvarlik koʻmagi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Qohiradagi elchixonasi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Insonparvarlik yuklarining yurtimizga olib kelinishi Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, virusologiya jabhasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish doirasida ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi hisoblanadi.
Umumiy hajmi 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar oʻrtasida taqsimlanadi.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Misr sogʻliqni saqlash vazirligi bilan 2023 — 2024-yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollar hajmidagi 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini yurtimizga bepul yetkazib berish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring