“Uzbekistan Airways” 12 ta “Airbus” sotib olish boʻyicha shartnoma imzoladi
Arxiv surat
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Airbus” aviasozlik kompaniyasi bilan “A320neo” oilasiga mansub 12 ta samolyot (sakkizta A320neo va toʻrtta A321neo) xarid qilish boʻyicha shartnoma imzoladi.
Xarid qilinadigan havo kemalari “Airbus Airspace” saloniga ega boʻlib, u yoʻlovchilarga havo transporti bozorida yuqori darajadagi qulaylikni taqdim etadi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi yangi havo kemalaridan yoʻnalishlar tarmogʻini yanada kengaytirish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.
“Airbus” bilan imzolangan shartnoma aviakompaniya parkini modernizatsiya qilish strategiyamizning yangi bosqichi boʻlib, yoʻlovchilarga eng zamonaviy va qulay havo kemalarini taklif qilishni davom ettirishga imkon beradi. Shu bilan birga, A320neo oilasining ushbu havo kemalari bizga Markaziy Osiyo mintaqasida mavqeimizni yanada yaxshilashga va mintaqa ichida ham, undan tashqarida ham parvozlar xaritasini sezilarli darajada kengaytirishga yordam beradi», deydi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov.
“Uzbekistan Airways” bilan hamkorligimiz 1993-yilda boshlangan. Aviakompaniya aviaparkini kengaytirish uchun yana A320neo oilasiga mansub havo kemalarini tanlagani biz uchun katta sharaf. Biz Markaziy Osiyo mintaqasida aviatashuvlar bozori qanday rivojlanayotganini kuzatyapmiz. A320neo oilasining zamonaviy va samarali havo kemalari “Uzbekistan Airways” kompaniyasiga ushbu oʻsishdan foyda olish va mintaqada yetakchi rollardan birini egallash imkonini beradi», deydi “Airbus” kompaniyasining Bosh tijorat direktori va Xalqaro boʻlimi boshligʻi Kristian Sherer.
A320neo oilasi yonilgʻi tejamkorligi CO2 (karbonat angidrid) chiqindilarining kamida 20 foizini taʼminlaydigan yangi avlod dvigatellari va Sharklets kabi eng soʻnggi texnologiyalarni oʻz ichiga oladi. 130 dan oshiq mijozlarning 8600 dan ortiq buyurtma olgan A320neo oilasi dunyodagi eng mashhur havo kemasi hisoblanadi.
Maʼlumot uchun aytib oʻtamiz, hozirda “Uzbekistan Airways” parkida 17 ta “Airbus” kompaniyasining samolyoti mavjud.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring