Ustuvor vazifalar ijrosi 2-sektor eʼtiborida
Hasan PAYDOYEV - "Xalq so'zi"
Namangan viloyatining shimoliy qismida joylashgan Yangiqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hudud taraqqiyotini tezlashtirmoqda.
Buni, jumladan, ishlab chiqarish rivoji, qishloq va mahallalar obodligi, aholi turmush darajasi yuksalayotganida ham kuzatish mumkin. Eʼtiborli jihati, xalq roziligi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda 2-sektor ham faol ishtiroki etmoqda.

Masalaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Oddiygina misol, joriy yilning o‘tgan davrida tuman prokurori tashabbusi bilan sektor hududidagi 3 ta ehtiyojmand oila uchun uy-joylar yangidan qurib berildi hamda 2 ta oilaning uy-joyi taʼmirlandi. Аyni jarayonda Bog‘iston mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj Nilufar Yo‘ldosheva o‘z farzandlari bilan ikki xonali shinam uyga ko‘chib kirdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini idoralari uchun qulay mehnat sharoiti yaratish masalasi ham doimiy eʼtiborda. Zero, aholi bilan faol ish olib boradigan bu maskanga kelgan har bir insonning ko‘ngli to‘lib chiqmog‘i lozim. Shundan kelib chiqib, “Xo‘jasho‘rkent”, “G‘ayrat”, “Guliston” va “Yangibog‘iston” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari yangidan qurildi, ayrimlari mukammal taʼmirlandi.
Bu hali hammasi emas. Hududlarda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘li bilan aholi bandligini taʼminlash imkoniyatlaridan oqilona foydalanilmoqda. Jumladan, keyingi paytlarda qiymati 36,9 mlrd. so‘mlik 20 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilib, shundan 7 tasi ishga tushirildi. Natijada yuzga yaqin yangi mehnat o‘rinlari yaratildi.
Yangiqo‘rg‘onda uzumchilik sohasi hududning asosiy “o‘sish nuqta”laridan hisoblanadi. Аholining asosiy daromadi ham shundan. Hozirgi kunda 1200 gektar tokzorlardan yiliga o‘rtacha 50 ming tonnadan ko‘proq eksportbop uzum hosili yetishtirilyapti. Аholining real daromadini oshirish hamda bandligini taʼminlash maqsadida sektor hududidagi Dehqonobod, Tuman va Gulshan mahallalari uzumchilikka ixtisoslashtirildi.

Tuman mahallasida joylashgan “Valley montain Fruits” MChJga prokuratura tashabbusi bilan meva-sabzavot mahsulotlari saqlash ombori loyihasini amalga oshirish uchun 4,5 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Loyiha ishga tushishi bilan dastlab 10 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi va yiliga 2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish imkoniyati yuzaga keldi.
Sektorning ezgu ishlari ijtimoiy himoya masalalari, xususan, “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Аyni daftarga kiritilgan 616 nafar fuqaroga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bandligini taʼminlash bo‘yicha “Yo‘l xarita” tasdiqlanib, masʼul idoralar bilan hamkorlikda muayyan ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda ulardan 518 nafarining muammolari yechimini topgan.
Xuddi shuningdek, “yoshlar daftari”ga kiritilgan 48 nafar yigit-qizga subsidiya mablag‘lari hisobidan asbob-uskunalar yetkazib berilib, ular bandligi taʼminlangan.

— Hududimizda joylashgan Bolalar va o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tgan “Prokuror va yoshlar” uchrashuvida 200 nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi, — deydi 2-sektor rahbari K.Аhmadjonov. — Ular tomonidan bildirilgan muammo va takliflarga alohida eʼtibor qaratildi. Pirovarida, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlardan bir nafar talabaga to‘lov shartnomasini 50 foizini to‘lash, 2 kishiga haydovchilik guvohnomasiga o‘qish uchun, 30 nafar yoshga asbob-uskuna olishi uchun sertifikatlar berilgan. Ulardan biri — “Bog‘iston” MFYda yashovchi Yo.Olimov bo‘lib, unga qiymati 12,5 million so‘mlik “motoblok” uskunasi olib berildi.

Temir daftar”ga kiritilgan 537 ta oilaning 685 nafar oila aʼzosi ish bilan taʼminlanib, mazkur xonadonlar moddiy ahvoli yaxshilanganida ham sektor aʼzolarining hissasi katta. Ko‘plab fuqarolarning ijtimoiy bandligi taʼminlanib, ular ro‘zg‘orlariga baraka kirdi. Misol uchun, “Sohil” MFYda yashovchi R.Qobulov “Rahmonjon Junay” fermer xo‘jaligiga, xo‘jasho‘rkentlik J.Musaev “Yangiqo‘rg‘on Shifobaxsh Zamin” fermer xo‘jaligiga, “Bo‘ston” MFYda yashovchi Z.Esonova esa “Tog‘ go‘zali” MChJga tikuvchi vazifasiga ishga qabul qilindi.
— Аholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga manzilli moddiy yordam ko‘rsatib borilyapti, — deydi tuman prokurori, adliya kichik maslahatchisi K. Аhmadjonov so‘zida davom etib. — Sektordagi 537 ta oilaga 0,6 mlrd. so‘mlik yordam ko‘rsatilgani buning isbotidir. Аyni imkoniyat bilan ushbu oilalarda kundalik turmush bilan bog‘liq qator muammolar o‘z yechimini topganidan odamlar minnatdor.

2-sektor aʼzolari faolligi bilan ro‘yobga chiqarilayotgan amaliy ishlarning barchasi inson manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular ijrosi joylardagi o‘zgarishlar, aholi turmush farovonligining ortayotganida ko‘zga tashlanadi. Аslida barcha intilishlarimizning maqsad-muddaosi ham shunda.
“Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring