Urologiya markazida yil boshidan buyon 2 mingdan ziyod murakkab operatsiyalar oʻtkazildi
Urologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Ayniqsa, prostata bezi xavfsiz gipperplaziyasi, erektil disfunksiya, bepushtlik, buyrak saratoni, oʻt qopi saratoni, peshobni tuta olmaslik shular jumlasidan.
Shu bois, aholiga urologik xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarishda ilgʻor muolaja usullaridan foydalanish muhim. Buning uchun zamonaviy texnologiyalar va salohiyatli kadrlar zarur, albatta.
— Joriy yil boshidan buyon bir guruh mutaxassislarimiz AQSH, Italiya va Hindiston davlatlarida malaka oshirib qaytdi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtarov. — Shuningdek, Rossiya va Hindistonning 2 tadan ilgʻor klinikalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanishi ham soha rivoji uchun muhim qadamlar boʻldi.
Markazimizda yil boshidan buyon 3 ming 600 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Ularning 2 mingdan ziyodi murakkab operatsiyalardir.
Yaqinda muassasamizga Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro E. J. imtiyozli yoʻllanma asosida murojaat qildi. U bir necha yildan beri prostata bezi xavfsiz giperplaziyasidan aziyat chekib kelgan.
Bemor peshob qila olmagani uchun oʻz yashash hududida teri orqali sistostomiya amaliyotini boshdan oʻtkazgach, sistostomik drenaj bilan yashagan.
Shundan soʻng 2020-yilda qilingan operatsiyalar ham samarasiz boʻlib, u umrbod drenaj bilan yashashiga toʻgʻri kelayotgan edi. Ammo urologiya markazida yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor jarrohlik amaliyotlari bemorni sogʻlom hayotga qaytarish imkonini berdi.
E. J. da sunʼiy qovuq yasash operatsiyasi oʻtkazilib, 9 kundan soʻng unga ambulator sharoitda davolanishi uchun shifoxonadan javob berildi. Koʻp oʻtmay, bemor drenajdan xalos boʻlib, hayot sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Aytish kerakki, bunday laparoskopik amaliyotlar boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Oʻrta Osiyoda yagona hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring