Urganchdagi “Nurli hayot” mahallasining koʻp qavatli uylari yertoʻlalarida kichik sexlar tashkil qilinmoqda

12:18 13 May 2024 Jamiyat
345 0

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Urganch shahridagi “Nurli hayot” mahallasida asosan koʻp qavatli uylar joylashgan boʻlib, aholi soni 4,5 ming nafarni tashkil qiladi. Joriy yilda mahallada “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” mezonlari asosida keng koʻlamda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish tadbirlari amalga oshirildi.

Mahalladagi 33 ta koʻp qavatli uylarning 12 tasining yertoʻlalarida kichik sexlar tashkil qilinib, 101 nafar ishsiz xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlandi. Ularning bir qismi “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan ayol-qizlardir.

Mahalla hududida oʻquv markazi, xususiy universitet, logistika markazi, tikuvchilik, gul va qoʻziqorin yetishtirish, non mahsulotlari tayyorlash sexlari, hamshiralik xizmati punkti va boshqa xizmat shoxobchalari tashkil qilindi. Koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi “Xorazm shinam uylar” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatidan mahalla ahli juda mamnun. Qisqa muddatda mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi ham qurilib foydalanishga topshirildi.

— Yangi binoda “mahalla yettiligi”ning samarali faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi “Nurli hayot” MFY raisi Sherzod Yaqubov. — Obodonlashtirish ishlari doirasida mahalla yoʻllariga asfalt yotqizildi, manzarali daraxt va gul koʻchatlari oʻtqazildi, avtoturargoh, maishiy chiqindilarni yigʻish va saralash punkti tashkil etildi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Bir soʻz bilan aytganda, mahallamiz nomiga munosib goʻzal maskanga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер