Urganchda zargarlik mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil qilindi

14:46 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
325 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Zargarlik Xorazmda qadimdan xalq amaliy sanʼatining jozibador koʻrinishi sifatida eʼzozlab kelinadi. Azaldan Xiva shahri oltin va kumushdan tayyorlangan zeb-ziynatlar savdosining muhim chorrahalaridan biri sanalgan. Bugungi kunda ham viloyatda 140 nafarga yaqin hunarmandlar zargarlik faoliyati bilan shugʻullanadi.

Keyingi yillarda zargarlik tarmogʻini tiklash va rivojlantirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar, jumladan, ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyatining berilishi natijasida mahalliy zargarlik mahsulotlari tayyorlash hajmi oshdi.

Prezidentimizning 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni bilan mahalliy zargarlik brendlari targʻibotini kuchaytirish, mamlakatimizda zargarlik koʻrgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning koʻrgazma savdolarida faol ishtirokini taʼminlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Urganch shahrida tashkil etilgan zargarlik koʻrgazma-savdosi ham ana shu boradagi saʼy-harakatlar natijasi boʻlib, unda nafaqat xorazmlik ishlab chiqaruvchilar, balki respublikadagi taniqli zargarlik korxonalari, hunarmandlari, savdo tashkilotlari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

– Biz bu koʻrgazmaga oʻzimiz tayyorlagan bir necha xil turdagi oltin va kumush taqinchoqlar bilan keldik, – deydi zargar Abdulhamid Karimov. –Xorazmdagi bu koʻrgazma-savdo biz uchun mahsulotlarimizning oʻziga xos targʻiboti boʻldi. Mahalliy zargarlar bilan tanishdik, oʻzaro tajriba almashib, hamkorlik kelishuvlarini tuzayapmiz.

Ayni kunda mamlakatimizda ichki bozorda sotuvga chiqarilayotgan zargarlik buyumlarining maʼlum qismi xorijdan import qilinmoqda. Milliy zargarlik brendlarining targʻiboti esa import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishga yordam beradi.  

                                                                            Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер