Umummilliy imtihondan insholar tanlovigacha: Konstitutsiya bayramiga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?

21:28 29 Noyabr 2023 Jamiyat
355 0

Adliya vazirligi tomonidan “Aholiga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va Konstitutsiya kuni arafasida tashkil etilayotgan tadbirlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbirda Konstitutsiya bayrami arafasida Adliya vazirligi tomonidan aholi uchun tashkil qilinayotgan tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Xususan, aholining Konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish maqsadida 2 bosqichli Umummilliy Konstitutsiya imtihoni oʻtkazilmoqda. Imtihonda ishtirok etish ixtiyoriy, hozirgi maʼlumotlarga koʻra 170 mingdan ortiq fuqarolar test uchun roʻyxatdan oʻtgan.

Imtihon 3 toifa aholi oʻrtasida, bular yuristlar, oʻquvchi-yoshlar va boshqa aholi qatlami uchun alohida-alohida 1-bosqich test shaklida, 2-bosqich suhbat shaklida oʻtkazilmoqda.

Maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Konstitutsiya huquqlarim poydevori” mavzusida “tuman-viloyat-respublika” bosqichlarida insholar koʻrik-tanlovi tashkil qilinmoqda.

“Adliya huquqiy marshi” shiori ostida 5-dekabr kuni Shayxontohur tuman adliya boʻlimidan boshlanib Sayilgoh koʻchasida yakunlanadigan huquqiy aksiya oʻtkaziladi. Huquqiy marsh davomida aholiga turli sayyor xizmatlar koʻrsatish, bepul huquqiy yordam va maslahat berish hamda Sayilgoh koʻchasida koʻngilochar va sovrinli tadbirlar tashkil qilish rejalashtirilgan.

Konstitutsiyaning barcha aholi qatlamiga yetib borishini taʼminlash maqsadida Konstitutsiya kitobi bilan bir qatorda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan brayl alifbosidagi Konstitutsiya ham chop etilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mazmunini yetkazish, aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, shuningdek veb-resurslar – turli saytlar, telegram kanal va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar yuritib kelinmoqda.

Xususan, “Huquqiy axborot” telegram kanalida umumiy hisobda 350 ming obunachi mavjud va bugungi kunda qonunchilikdagi yangiliklarni tezkor yetkazish boʻyicha asosiy manbalardan biri hisoblanadi.

Oʻz-oʻziga huquqiy xizmat koʻrsatish – “Legal Tech” axborot tizimi ishga tushirilgan. “Legal Tech” elektron axborot tizimi kichik va oʻrta biznes vakillari, aholining kam taʼminlangan qatlamlariga, shuningdek boshqa fuqaro va tashkilotlarga yuristlar (advokat) ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash imkoniyatini beradi.

Hozirda tizimda huquqiy va boshqaruvga oid 1 300 ga yaqin hujjat namunasi joylashtirilgan. Tizimdagi namunalar qonunchilikka kiritiladigan oʻzgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritib kelinmoqda. Natijada tizimdan foydalanish 2.4. barobarga ortib, 2023-yilning 10 oyida 986.7 mingni (2022-yil 10-oyida 407.5 ming) tashkil qilgan.

kurslar.huquqiyportal.uz portali oʻz huquqiy savodxonligini oshirish istagida boʻlgan barcha fuqarolar bepul kurslarda oʻqishi mumkin. Bugungi kunda portalga joylashtirilgan kurslar soni 20 tani tashkil etib, foydalanuvchilar soni 22 mingdan ortiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер