Umummilliy harakat: hamjihatlik mushtarak maqsadlarni kafolatlaydi
Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida poytaxtimizdagi ijtimoiy soha obyektlari, xususan, umumtaʼlim maktablari, tibbiyot muassasalari va mahallalarda boʻlib, aholi bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Yakkasaroy, Sergeli, Yunusobod, Mirobod tumanlari aholisi bilan muloqotlar chogʻida keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼrifiy-maʼnaviy, tibbiy va ekologik sohalarda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsadlar ijrosi, shuningdek, parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyati hamda bugungi kunda poytaxtimizda roʻyobga chiqarilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha soʻz yuritildi.
— Keng jamoatchilik vakillari bilan muloqotlarda koʻp savollar yaqinda quyi palatada qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun haqida boʻldi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova. — Ushbu hujjat haqida yigʻilganlarga batafsil tushunchalar berdik. Aralash saylov tizimining ahamiyatli jihatlari, bu amaliyot parlamentning keyingi chaqirigʻiga tatbiq etilishi yuzasidan batafsil toʻxtalib, bu haqda aholining qay darajada xabardorligi bilan qiziqdik. Amin boʻldikki, koʻpchilik qonunning asl mohiyatidan bexabar. Shu bois, biz, deputatlar uni aholi oʻrtasida yanada koʻproq targʻib qilishimiz maqsadga muvofiq. Chunki ushbu qonun mamlakatimiz ertangi kuni, farzandlarimiz kelajagi, qolaversa, har birimizning farovon hayotimiz uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlib, bunga loqayd qaramasligimiz kerak.
Maʼlumki, soʻnggi paytlarda yurtimiz qator nufuzli xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilayotgani, ularda dunyoning yetakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etayotgani Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrni yuksalib borayotganini koʻrsatadi.
Samimiy muloqotlarda nuroniylar, mahalla faollari bu haqdagi maʼlumotlarni katta qiziqish bilan tingladilar. Ayniqsa, 8-9-noyabr kunlari poytaxtimizda Prezidentimiz raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti yuqori darajada oʻtkazilgani, unda ilgari surilgan muhim tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanganini yigʻilganlar faxr bilan tilga olishdi. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat alohida eʼtirof etildi.
Uchrashuvlarning “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tashkil etilayotgani bejiz emas. Bu deputatlarning aholi bilan munosabatlarini yanada yaqinlashtirish barobarida, barchani mushtarak maqsadga — hamjihatlikda hududlarda “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari” barpo etishda munosib ulush qoʻshishlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Muloqotlardan soʻng, Qonunchilik palatasi deputatlari nuroniylar, mahalla faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda yoshlar bilan birgalikda Toshkent shahridagi bir qator umumtaʼlim maktablari, mahallalar, tibbiyot muassasalari hududida mevali va manzarali koʻchatlar ekdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring