“Umid avtolizing” ... umidlarni soʻndirishda davom etmoqda
Illyustrativ foto
Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi matbuot xizmati soʻngi paytlarda “Umid avtolizing” MCHJga aldanib pulini ololmayotganlar haqida ommaviy axborot vositalarida yoritib, boshqalarni bunday yolgʻonlarni qurboni boʻlmaslikka chorlamoqda.
Shunday boʻlsada “bemaza qovunning urugʻiday” butun respublika miqyosida oʻz boʻlimlarini ochgan “Umid avtolizing” ga avtomobil olish uchun toʻlov qilayotganlar kamaygani yoʻq. Hamma ham oʻzi, oilasi uchun avtomashina olishni orzu qiladi...biroq bugun yolgʻonchilik niqobini boshqalarga sezdirmayotganlarga chuv tushish ogʻir albatta. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi imkon boricha “Umid avtolizing”dan aldanib qolayotganlarni himoya qilishga harakat qilmoqda.
Ammo yuzlab insonlar muammosini bir zumda hal etish imkoni yoʻq. Qarshi shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida yashovchi Saidov Sobirali murojaat qilib, 2018-yil 31-yanvar kuni “Umid avtolizing” MCHJ bilan “Damas” avtomashinasini lizing asosida sotib olishga kelishib, boshlangʻich avans toʻlovi oʻttiz bir million olti yuz ming soʻm toʻlab, shartnoma imzolagan. Ammo bugunga qadar u avtomashinani ham, boshlangʻich toʻlov uchun toʻlagan pul mablagʻini ham qaytarib ololmagan.
Uning murojaati asosida Qarshi shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Jamiyati xodimlari oʻrganish ishlarini olib bordi. Bir fuqaroning muammosini hal etish maqsadida qilingan saʼy-harakatlar bejizga ketmadi. Sobirali Saidovga “Damas” avtomashinasi uchun toʻlagan 31600000 soʻm mablagʻi toʻliq qaytarib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring