Umarjon otaning umri uzaydi...

09:53 24 Oktyabr 2024 Jamiyat
225 0

Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Piskent tumanidagi Mingtepa mahallasida yashovchi Umarjon ota yetmish besh yoshni qoralagan boʻlsa-da, haliyam tomorqadan beri kelmaydi. Har kuni nimadir qilmasa koʻngli joyiga tushmaydi. Oila aʼzolari bilan doim harakatda. Harakat esa xonadoniga baraka keltirmoqda. Boʻlmasa, 25 sotix yerdan 200 million soʻmdan ortiq daromad olishning oʻzi boʻladimi? Omilkorlik, mehnatsevarlik va ishbilarmonlikning amaliy namunasi bu.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida piskentlik bu otaxon haqida iliq fikrlarni bildirdi. Bolalari, nabiralari taqdiriga befarq boʻlmagan, mehnatda ularga namuna boʻlgan, roʻzgʻoriga qut-baraka olib kirgan shu tomorqachiga orden bersak arziydi, dedi. Otaxonning esa bu taʼrifdan boshi koʻkka yetdi.

—Prezidentimizning men haqimda aytgan iliq gaplarini eshitib, yosharib ketganday boʻldim,— deydi Umarjon ota. —Mehnat qilgan odam ragʻbatsiz qolmas ekan. Oddiy odamni shunchalik eʼzozlagani uchun davlatimiz rahbaridan juda xursand boʻldim. Aslida bu xalqparvarlik, elga qayishish va el dardi bilan yashashning yorqin timsoli.

—Aslida yeri bor odam kambagʻal boʻlishi mumkin emas, deya fikrini davom ettiradi keksa tomorqachi. —Men yerni boʻsh qoʻya olmayman. Ichim achiydi, nimanidir uvol qilayotgandek boʻlaveraman. Yoshligimda dadamga yordam berardim. Toklarni parvarishlashni koʻrsatardilar va doim “yerning ham uvoli bor” degan gap ogʻizlaridan tushmasdi. Hozir men ham shu gapni bolalarimga, nevaralarimga aytishdan hech charchamayman.

Endi doʻppini boshdan olib, bir mulohaza yuritaylik. Bir yilda 5-marta hosil olishni oila qanday uddalamoqda? Bu haqda Umarjon otaning oʻgʻli Umidjon shunday deydi:

—Buning hech qanday siri yoʻq. Biz erta bahorda koʻkatlar, ismaloq, redeska ekib, bozorga chiqaramiz. 10 mln. soʻm daromad keladi. Pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri koʻchatlari parvarishlab, bozorga chiqaramiz. Ungacha tok barglari oʻsib qoladi. Tokni xomtok qilib, bargini bozorda sotamiz. Bundan ham 10 mln. soʻm ishlaymiz. Bu yil 5 ming tup gulkaram ekkandik. Daromadimiz 40 million soʻmdan oshdi. Yer chetiga ekilgan oshqovoq, loviya va moshni hisobga kiritganim yoʻq. 1000 tup tok koʻchati ikki yilda tayyor boʻladi. Uniyam donasini 10 ming soʻmdan pullaymiz. 500 tup tokdan har yili 80-90 mln. soʻm daromad kelib turibdi. 6-7 bosh buqani boʻrdoqiga boqib, bozorga goʻsht chiqaramiz. Shu tariqa har yili oilamizga 200 mln. soʻmdan ziyod daromad kelib turibdi. Otam tomorqachilikning miridan-sirigacha biladi. U kishining tavsiya va maslahatlariga qatʼiy amal qilib kam boʻlmayapmiz.

—Prezidentimiz bu tomorqachini eʼtirof etganidan katta kuch oldik, judayam zoʻr motivatsiya boʻldi. — deydi Piskent tumani hokimi Muzaffar Oripov. —Hovlisidagi yerdan bugungi kunda samarali foydalanmayotgan xonadonlarimiz ham yoʻq emas. Biz endi bunday oilalarga Umarjon ota tajribasini koʻrsatib, seminar oʻtkazishni moʻljallayapmiz. Oyma-oy qaysi ekin turini ekish kerak, qanday parvarishlash kerak, qaysi biridan qancha daromad olish mumkinligini amalda koʻrsatib beramiz. Yil oxirigacha 330 ta xonadonni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha ish olib boryapmiz.

Tomorqadan yiliga 5-marta hosil olayotgan mashhur tomorqachi Umarjon ota Arslonov el eʼtiboriga tushdi. U yerni qadrlab, oʻz mehnati orqasidan shunday eʼzozu ehtiromga sazovor boʻldi. Bugungi kunda uni yoʻqlab keluvchilarning safi tobora kengayib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер