Ular hamisha eʼtiborda
Foto: "Xalq so'zi"
Xalqaro nogironlar kuni bu yil ham Namangan viloyatida esda qolarli tadbirlar bilan nishonlandi. Xususan, viloyat markazining “Sharshara” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan bir guruh koʻzi ojiz fuqarolar oʻzlari yashayotgan ikki qavatli uyni mukammal taʼmirdan soʻng yangi qiyofa va munosib shart-sharoitlar yaratilgan holda qabul qilib oldilar. Binodagi mavjud 36 ta xonadon keyingi paytlarda nihoyatda taʼmirtalab boʻlib qolgan edi. Xomiylar koʻmagida imoratning kommunikatsiya tarmoqlari butunlay yangilandi. Tomi taʼmirlanib, energotejamkor isitish vositalari, akfa eshik va romlar oʻrnatildi, kirish yoʻlaklari pardozdan chiqarildi.Turarjoy hududida qurilgan bolalar maydonchasi va tandirxonalar yashovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
— Sizlar hamisha eʼtibor va eʼzozdasiz, — dedi xonadonlar taqdimotida soʻz olgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. — Shinam turar joylar saodatli kunlaringizga xizmat qilsin.
Namangan shahrida kar-soqovlar jamiyati viloyat boʻlimi yangi ofisi ham foydalanishga topshirildi. Bobur shoh koʻchasidagi maʼnan eskirgan bino oʻrnida qad rostlagan zamonaviy ofisda eshitishi va gapirishida nuqsoni boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan. Bu yerda maxsus kitoblar jamlangan kutubxona ham tashkil etildi.
Farhod MAMADALIYEV, Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring