Ukrainada safarbarlikdan qochishga uringan 47 kishi qoʻlga olindi
Ukraina chegarachilari juma kuni mamlakatni noqonuniy ravishda tark etishga va Ukraina Qurolli kuchlari safiga chaqirilmaslikka uringan safarbarlik yoshidagi 47 nafar erkakni qoʻlga olgan. Bu haqda «Biz Ukraina» telekanali jurnalist Vitaliy Xlagolaga tayanib xabar berdi.
«47 nafar erkak chegarani noqonuniy kesib oʻtishga uringan vaqtda qoʻlga olindi», — deyiladi telekanal xabarida.
Qayd etilishicha, Odessa viloyatidagi Objiloye aholi punkti hududida beshta transport vositasi – toʻrtta mikroavtobus va bir eskort mashinasi aniqlangan. Mamlakatni tark etishni xohlovchilarga yetti nafar konvoy tashkilotchisi hamrohlik qilgan.
Jurnalistning soʻzlariga koʻra, tashkilotchilar qochishni rejalashtirgan har bir erkakdan 5 mingdan 10 ming dollargacha pul olishni rejalashtirgan.
Ukrainada safarbarlikni kuchaytirish haqidagi qonun 18-maydan kuchga kirdi. Hujjat harbiy xizmatni oʻtashga majbur boʻlgan barcha shaxslarni qonun kuchga kirgan kundan boshlab 60 kun ichida harbiy xizmatga chaqirish boʻlimida oʻz maʼlumotlarini yangilash majburiyatini yuklaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring