Ukraina FIFAdan Eronni jahon chempionatidan chetlashtirishni soʻradi
Arxiv surat
Ukraina Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) Eron terma jamoasini joriy yilning 20-noyabr kuni Qatarda boshlanadigan jahon chempionatidan chetlashtirish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda “Sky Sports” xabar bermoqda.
Ukraina tomoni Eron Rossiyaga qurol yetkazib beradi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Ukraina Eronni FIFA Nizomining diskriminatsiyaga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi va inson huquqlariga rioya etilishini nazarda tutuvchi moddalarini buzganlikda ayblamoqda.
«Ommaviy axborot vositalarida Eronda inson huquqlari buzilishining muntazam namoyon boʻlishi haqidagi xabarlarni, yaʼni ular FIFA Nizomi tamoyillari va normalarini buzishi mumkinligini inobatga olib, BMT Xavfsizlik Kengashining Eronga qarshi sanksiyalar qoʻllash toʻgʻrisidagi 2231-rezolyutsiyasi hamda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzda ishtirok etganligi haqidagi gumonlarni hisobga olib, [biz] FIFAga Eron terma jamoasini futbol boʻyicha 2022-yilgi Jahon chempionatidan chetlashtirish masalasini koʻrib chiqish taklifi bilan murojaat qilyapmiz», deyiladi xabarda.
Eron terma jamoasi 2022-yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqqan va qurʼaga koʻra “B” guruhidan oʻrin olgan. Keyingi bosqichga chiqish uchun AQSH, Uels va Angliyaga qarshi bahs olib boradi.
Oldinroq Rossiya terma jamoasi Eron va Bosniya va Gersegovina bilan oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Bosniya yetakchilari ushbu oʻyinni oʻtkazishga qarshi chiqqan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” boshlagani uchun joriy yilning 28-fevral kuni Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYEFA) va Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Rossiya jamoalari va klublarini xalqaro turnirlardan chetlashtirgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring