Uyda turib ham daromad topish, sharoitni yaxshilash mumkin
Foto: "Xalq so'zi"
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Poʻlotchi qishlogʻida yashovchi Qoʻldosh Agaliyevning xonadoniga mahalladoshlari serqatnov boʻlib qolishdi. Bu yerda viloyat 4-sektori bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan “Buxoro parranda” korxonasi tomonidan uy sharoitida namuna tarzida tovuqxona qurilgani koʻpchilikni qiziqtirib qoʻydi.
– Korxona mutaxassislari kelib tovuqxona oʻrnini shamollatish tadbirlarini koʻrishdi, isitish qurilmalarini oʻrnatib, qavaslarni oʻrnatishdi,– deydi xonadon sohibi. – Shundan soʻng 200 bosh tovuq va ozuqa keltirdilar. Parrandani qanday boqish yuzasidan zarur tushunchalar berishdi. Kelishuvga koʻra, olingan kunlik tuxumning 60 foizini korxonaga yetkazamiz. Qolgani esa oʻzimizniki. Buni qarangki, uyda turib ham daromad topish, oilaviy sharoitimizni yaxshilab olishimiz mumkin ekan. Faqat ishlashga ishtiyoq boʻlsa, bas.
Darvoqe, bu yumush davlatimiz rahbari raisligida shu yil 24-noyabr kuni qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlarga javoban amalga oshirilmoqda. Eslasangiz, yigʻilishda har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, qoʻy va echki, asalari boqishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan masʼullar zimmasiga vazifa yuklangan edi.
Kogondagi tashabbusga kelsak, “Buxoro parranda” bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtariladi. Hududdagi yirik tadbirkorlik subyekti sanalgan mazkur korxona ehtiyojmand 300 xonadonga 60 ming bosh tovuqni qafaslari bilan bepul yetkazib beradigan boʻldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring