Uy sharoitida 3 tonnaga yaqin qoʻziqorin yetishtirdik — Latofat Olimova

16:21 16 Yanvar 2024 Jamiyat
1348 0

Keyingi yillarda Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Olimovlar xonadonini qoʻshni qishloqlardan soʻroqlab keluvchilar safi kengayib bormoqda. Bu oilaning uy sharoitida qoʻziqorin yetishtirish hadisini olgani bilan bogʻliq.

— Qoʻziqorin yetishtirishga qiziqishi boʻlgan kishilardan maslahatimiz, koʻmagimiz, tavsiyalarimizni ayamayapmiz, — deydi yosh oila sohibi Rahmatilla Olimov. — Oʻzimiz uch-toʻrt yildan buyon shu ish bilan shugʻullanib kam boʻlayotganimiz yoʻq. Ochigʻini aytadigan boʻlsam, yaqin-yaqingacha Rossiyaga oilaviy tarzda ishlagani borardik. Hatto pandemiya davrida u yerda uzoq vaqt qolib ham ketdik. Yurtimizni, ona qishlogʻimizni, yor-birodarlarimizni sogʻinardik. Oʻshanda “Shunday bir yumush bilan shugʻullanaylikki, ham elga koʻproq nafimiz tegsin, ham roʻzgʻorimiz but boʻlsin”, degan oʻy-fikrga kelganmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻziqorin yetishtirish haqida kerakli maʼlumotlarni olganmiz. Uyga borgach, shu ish bilan shugʻullanamiz, deya oʻz oldimizga qatʼiy maqsad qoʻygandik.

Hovlidagi qurilishi poyoniga yetmagan binoda qoʻziqorin yetishtirishga kirishgan yosh oila uch-toʻrt yil ichida muayyan tajriba toʻpladi.

— Uyda qoʻziqorin yetishtirishning qiyinchiligi yoʻq, — deydi uy bekasi Latofat Olimova. — Bu – ayollarbop ish. Qoʻziqorindan bir yilda toʻrt-besh marta hosil olish mumkin. Oʻtgan yil biz uch tonna atrofida qoʻziqorin yetishtirdik. Daromadi ham yaxshi. Sarflagan bir soʻmingiz uch soʻm boʻlib oʻzingizga qaytadi. Qolaversa, qoʻziqorin goʻsht oʻrnini bosadigan, turli kasalliklarga shifo neʼmat sanaladi.

Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Burhon Yusupovning taʼkidlashicha, Olimovlar xonadoni hududda uy sharoitida qoʻziqorin yetishtirish bilan shugʻullanayotgan qaldirgʻoch oila sanaladi. 2,5 ming nafar aholi yashayotgan hududda bu yosh oiladan ibrat olish niyatidagi fuqarolar oz emas. Ularga bu borada Latofat va Rahmatilla Olimovlar koʻmagi, maslahati asqatishi tayin.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер