Uchqoʻrgʻonda somondan qogʻoz tayyorlanmoqda
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida xorijiy texnologiyani joriy etish hisobiga shunday ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. “Istiqlol” mahallasidagi boʻsh turgan tadbirkorlik subyekti negizida tashkil etilgan korxonada somondan xalq xoʻjaligining turli sohalarida foydalaniladigan oʻrov qogʻozlari tayyorlanmoqda.
Umumiy qiymati 1,8 milliard soʻmga teng boʻlgan loyiha “Uzbek China paper” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Ayni paytda bu yerda yaratilgan 40 nafarga yaqin ish oʻrnida mahalliy yoshlar mehnat qilishyapti. Dastlabki mahsulot turkumi – 40 tonna qogʻoz buyurtmachilarga joʻnatildi. Aytish kerakki, quvvatlar toʻla oʻzlashtirilishi bilan korxona yiliga 1,5 ming tonnadan ziyod mahsulot tayyorlay oladi.

— Bu loyihamizning birinchi bosqichi, keyingi navbatda yuqori sifatli yozuv qogʻozlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan, — deydi MCHJ rahbari Zokirjon Bahromov. – Shu maqsadda xitoylik hamkorlardan qoʻshimcha texnologiyani olib kelish harakatidamiz.
Qalovini topsa qor ham yonadi. Kechagina faqatgina qoramolga ozuqa boʻlgan somon endi import oʻrnini bosuvchi mahsulot tayyorlashga yoʻnaltirildi. Izlansa boʻlarkan-ku!
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring