«Uchma»dagi sel oqibatlari bartaraf etilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Yurtimizda hukm surgan anomal issiqlikdan soʻng Respublika Gidrometeorologiya markazi togʻoldi va togʻli hududlarda sel kelish xavfini eʼlon qilindi. Shunday boʻldi ham.
Joriy yilning 30-iyul kuni soat 14:30 - 15:00 lar atrofida Jizzax viloyati Forish tumani «Uchma» mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yuqori Uchma qishlogʻida qisqa muddatli kuchli yogʻingarchilik natijasida sel oqimi yuzaga keldi. Natijada qishloqdagi 9 xonadonning hovlisi, boshqa xonadonlarning tomorqalari, mahallaning ichki yoʻllari, 1 ta suv oʻtkazish inshooti qum-shagʻal va tosh chiqindilari bilan toʻldi.

— Bir necha daqiqalik kuchli yomgʻir natijasida kelgan sel soylik yoqasida joylashgan molxonamni oqizib ketdi, — deydi shu qishloqda yashovchi Kengash Ismailov. — Qoʻy-qoʻzilarimni soyalatish uchun tushda molxonaga kiritib qoʻyaman, kechroq toqqa olib chiqib boqardim. Hech kutmagandim. Birdan tabiiy ofat yuz berdi. Mayda tuyoqlarimning barchasi nobud boʻldi. Soy ichiga, suv yoʻli yoqasiga molxona qurganimdan pushaymonman.
Tumanda shu zahoti «Uchma» MFYda yuz bergan sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tezkor shtab tashkil etildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat, tuman boʻlimlari, tumandagi sohaga masʼul davlat tashkilotlari xodimlari tezkorlik bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga safarbar qilingan va inson oʻlimi bilan bogʻliq holatlar qayd qilinmagan.

Ayni vaqtda aholi xonadonlari, hovli va tomorqalar, mahallaning ichki yoʻllarini qum, shagʻal, toshlardan tozalash hamda tekislash ishlari olib borilmoqda.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring