Uchkoʻprikda 3 ta taʼlim muassasasida zamonaviy sharoitlar muhayyo etildi
Uchkoʻprik tumanida barkamol avlod orzusi yoʻlidagi izchil saʼy-harakatlar samarasi sifatida keyingi yillarda oʻnlab taʼlim muassasalarida jahon andozalari darajasida sharoitlar yaratildi.
Ayni kunlarda tumanda zamonaviy mezonlar asosida taʼmirlangan va qoʻshimcha binolar bunyod etilgan yana 2 ta maktab va 1 ta bogʻcha foydalanishga topshirildi. Xususan, tumanning “Katta qoʻshtepa” MFYda joylashgan 20-umumtaʼlim maktabining 660 oʻrinli yangi binosi qurib bitkazilib, ishga tushirildi.
Bilim dargohining oʻquv binosi 820 oʻringa moʻljallangan boʻlib, hozirgi kunda bu yerda 1,5 ming nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar oʻqiyotgan edi. Maktabda bundan buyon kelajagimiz vorislari mukammal taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

“Toʻqsonqovun” MFY hududidagi 35-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari uchun qurib bitkazilgan uch qavatli – 420 oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirilgani ham haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. Investitsiya dasturi doirasida ezgu maqsad ijobati uchun 7 milliard 200 million soʻm mablagʻ sarflandi. Oʻz navbatida maktabning 340 oʻrinli oʻquv binosida ham mukammal taʼmirlash ishlari olib borilib, zamonaviy koʻrinishga keltirildi.
Maktab hududida barpo etilgan mini-stadion ham oʻquvchilarning jismoniy barkamolligi uchun xizmat qilishi maqsad qilingan.
— “Yakkamulla” MFYda esa bundan 60-yil oldin ishga tushirilib, yaroqsiz ahvolga tushgan 35-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun 120 oʻrinli yangi bino foydalanishga topshirilgani ham quvonchli voqea boʻldi, — deydi Uchkoʻprik tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Dilafruz Ayupova. — Investitsiya dasturi asosida qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun davlat byudjetidan 7,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Aytish joiz, tumandagi “Bogʻiboʻston” mahallasida 3 ta koʻp qavatli uylar bitkazilib, yangi egalariga topshirildi. Natijada qariyb 170 oila Navroʻz bayramini yangi uyda kutib oldi. Ayni kunlarda tuman hududida joylashgan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalarida ham yana 10 dan ortiq yangi korxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring