Uchkoʻprik ishsizlikdan xoli tumanga aylanadi — Erkinjon Nuraliyev
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi hamda Uchkoʻprik tumani hokimligi hamkorligida tumanni xotin–qizlar oʻrtasida ishsizlikdan xoli hududga aylantirish borasida ezgu tashabbus amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda tumandagi ishsiz xotin–qizlar, faol tadbirkorlar va ish beruvchilar oʻrtasida doimiy ravishda yuzma–yuz muloqotlar tashkil etilmoqda.
Uchkoʻprik tumani hududida joylashgan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasida oʻtkazilgan navbatdagi muloqotda tuman hokimligi vakillari, tadbirkorlik subyektlari rahbarlari tomonidan mavjud boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, ish izlayotgan oila bekalari tumanning “Boboshbek” MFY hududidagi “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo kompleksida ham boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

— Albatta, bu kabi izchil saʼy–harakatlar oʻz samarasini beradi, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Bugungi tadbirlar mobaynida 53 nafar ishsiz xotin-qiz oʻzlariga munosib ish oʻrinlarini tanladi. Ularning 10 nafarga yaqini shu kunning oʻzida tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashtirildi.
Oʻz navbatida 22 nafar tikuvchilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan xotin–qizga tikuv mashinalari hamda 20 nafar ishsiz opa–singillarimizga elektr pechlari subsidiya asosida tarqatildi hamda bandligi taʼminlandi.

Taʼkidlash joiz, ezgu maqsad yoʻlida tumanning har bir mahallasi kesimida oʻrganish ishlari olib borilib, aniq chora–tadbirlar rejasi asosida harakat qilinmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring