Turoperatorlar tomonidan mijozlarni tashlab ketish holatlari kuzatilmoqda — Transport vazirligi

16:33 07 Mart 2026 Jamiyat
550 0

Ayni vaqtda Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan harbiy harakatlar tufayli Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil davlatlarining havo hududi parvozlar uchun yopiqligicha qolmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi xabariga koʻra, 28-fevraldan 7-mart ertalab soat 10:00 holatiga koʻra, Madina va Jidda aeroportlaridan 63 ta parvozlar bajarilib bunda 13 543 nafar Oʻzbekiston fuqarolari Vatanga qaytarilgan. Dubay aeroportidan esa 9 ta parvoz amalga oshirilib 1 401 ta fuqaro Oʻzbekistonga qaytgan.

Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan Fly Nas (5 ta) Jidda – Toshkent, Jidda – Namangan va Fly Dubai (3 ta) Dubay – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni amalga oshirib umumiy hisobda 1 365 ta yoʻlovchilar keltirilgan. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining umumiy soni 990 tani tashkil etgan.

“Ayni vaqtda Qatar hududida qolgan fuqarolarimizni Saudiyaning Riyoz aeroporti orqali olib chiqish boʻyicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlaridagi fuqarolarimizni olib chiqish vaqtida ularning qariyb 95 foizi ushbu mamlakatlarga tur paketlar asosida kelganliklari kuzatilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Transport vazirligining bildirishicha, turoperatorlar va agentlar tomonidan oʻz mijozlarini tashlab ketish va ular bilan aloqani uzish, shuningdek, yuzaga kelgan fors-major holatida yoʻlovchilarni tezkor maʼlumotlar bilan taʼminlamay, ijtimoiy tarmoqlarda videoroliklar tarqatish orqali manipulyatsiya qilish, oʻz majburiyatlarini bajarish oʻrniga yoʻlovchilarni elchilar va konsullar bilan qoldirib ketish holatlari ham kuzatilmoqda.

Maʼlumot uchun, barcha tur paketlar mehmonxonalar, aviaqatnovlar, transferlar va sugʻurta polislarini oʻz ichiga oladi. Sugʻurta polisi shartlariga muvofiq fors-major holatlarida sugʻurta polislarini yoʻlovchilarning mehmonxona, transport va evakuatsiya boʻyicha barcha xarajatlarini qoplashi belgilangan, buning uchun turoperatorlar va agentlar barcha ishlarni tizimli toʻgʻri tashkillashtirishi talab etiladi.

Transport vazirligi:

  • barcha turoperatorlar va agentlardan yuzaga kelgan fors-major holatida ham isteʼmolchilar huquqlarini soʻzsiz taʼminlash, mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlarga toʻliq rioya etish va har bir fuqaro bilan muntazam aloqani taʼminlagan holda ularga tezkor yordam koʻrsatish, aviakompaniyalar bilan amaldagi shartnomalardan unumli foydalangan holda aviachiptalarni parvozlar amalga oshirilayotgan shaharlardagi muntazam aviaqatnovlarga oʻzgartirish orqali oʻz mijozlarini xavfsiz hududga olib chiqishda hukumat bilan birgalikda harakatlanishga;
  • barcha rezident va xorijiy aviakompaniyalarni xalqaro aviatashuvlar qoidalari hamda Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar oʻrtasida imzolangan aviatashuvlar toʻgʻrisidagi xalqaro bitim shartlariga amal qilish, oʻz majburiyatlarini bajarish, ishlarni tizimli tashkil qilish sugʻurta polislaridan toʻgʻri foydalanish, aviakompaniyalar va davlatlar imijiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilishga chaqiradi.

“Ayni damda aviatashuvlarni tashkillashtirish ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Fuqarolarimizdan ehtiroslarga berilmaslik oʻz turoperatorlari va agentlari bilan doimiy aloqada boʻlishlari soʻraladi”, — deyiladi xabarnomada.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер