Turli pishiriqlar ichidan falaj qiladigan tabletkalar chiqayotgani rostmi? Vazirlik javob berdi
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ishlab chiqarilgan manzili aniq boʻlmagan keks yoki shunga oʻxshash shirin pishiriqlar ichidan nomaʼlum tarkibli tabletkalar chiqayotganligi, uni isteʼmol qilganlarda falajlik holatlari kelib chiqayotganligi toʻgʻrisida asoslanmagan videoxabarlar tarqalmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
Avvalo, aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga oʻrin yoʻq ekanini alohida taʼkidlamoqchimiz.
– Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yoki xorijdan respublika hududiga olib kiriladigan har qanday turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, keks va shunga oʻxshash shirin pishiriqlarni xavfsizligini kafolatlash uchun, mahsulot olib kelgan tadbirkor murojaatiga asosan sanitariya vrachi joyiga chiqib, mahsulot sifati, uni saqlash sharoiti, olib kelingan avtotransport holatini toʻliq oʻrganadi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Mahsulotdan sanitariya-kimyoviy, mikrobiologik, radiologik tekshiruvlar uchun namunalar olinib, tegishli laboratoriyalarga topshiriladi. Tahlil natijalari amaldagi sanitariya meʼyor va qoidalarga toʻliq javob bergan taqdirda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilib, mahsulotning xavfsizligini kafolatlaydi.
Alohida taʼkidlash joizki, 2019-yil 15-noyabr holatiga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi shifoxonalarga yuqoridagi kabi mahsulotlar bilan zaharlanish yoki kasallik alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar boʻlmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga ham maʼlumotlar kelib tushmagan.
Bunday asoslanmagan xabarlarga ishonib sarosimaga tushmasligingizni, shunday holatlarni eshitsangiz yoki guvohi boʻlsangiz zudlik bilan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga hamda 71 276-59-28 raqamli ishonch telefoni orqali Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga murojaat qilishingizni soʻraymiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring