Turkiyada odam savdosi da ayblangan erkak Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi
Foto: Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi
Kecha, 23-may kuni Turkiyada odam savdosida ayblangan erkak Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 45 yoshli O.R. Samarqand viloyatida fuqarolarning koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirishda, shuningdek, Istanbul shahrida boʻlgan davrida 2022-2023-yillar mobaynida bir qancha Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yoʻnalishi boʻylab AQSHga yuborishni vaʼda qilib, firibgarlik yoʻli bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSH dollari olib, vaʼdasini bajarmasdan, oʻzining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.
“Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish soʻraymiz”, deyiladi konsullik xabarida.
Shuningdek, jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy taʼqib izchil ravishda davom ettirilishi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qatʼiy taʼminlanishi taʼkidlangan.
Bosh konsulxonaning qoʻshimcha qilishicha, keyingi vaqtlarda AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlarga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan tushayotgan murojaatlar soni ortganligini inobatga olib, fuqarolarni firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlishga chaqirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring