Turkiyada boʻlib oʻtgan tadbir muhim mavzularni qamrab oldi

16:09 26 Iyun 2023 Jamiyat
419 0

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Izmir shahridagi vakolatxonasi va 9 Eylyul universiteti  hamkorligida tashkil etilgan Turkiy dunyo tadbirkor ayollari anjumani doirasida Oʻzbekistonning Anqaradagi elchixonasi tomonidan tadbir uyushtirildi.

Anjumanda 9 Eylyul universiteti va Izmirdagi Tashqi ishlar vazirligi vakolatxonasi rahbariyati, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlarning Turkiyadagi diplomatiya vakolatxonalari vakillari, Izmir Tadbirkor ayollar uyushmasi aʼzolari hamda ushbu shaharda taʼlim olayotgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatimizda ayol tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar haqidagi maʼlumotlar hamda boʻlib oʻtadigan muddatidan oldin Prezidentlik saylovlari, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada ayollar va tadbirkorlik himoya ostiga olingani singari mavzularni qamrab olgan taqdimot oʻtkazildi.

9 Eylyul universiteti prorektori Esra Gyuzel Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga yuqori baho berar ekan, joriy yil oktyabr oyida Izmirda Turk dunyosi tadbirkor ayollari sammitini tashkil etish rejalashtirilganini maʼlum qildi. Mazkur tadbirga Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlardan tadbirkor ayollarni taklif qilish va oʻzaro tajriba almashish, turli loyihalar haqida fikr almashish hamda yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsad qilingan.

Izmirdagi Tadbirkor ayollar federatsiyasi rahbari Huriya Serter Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida inson va tadbirkorlar, shu jumladan, ayollarning haq-huquqlari mustahkamlab qoʻyilganini alohida taʼkidladi.

U Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan  Taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar mamlakatdagi ayol tadbirkorlar sonining yanada ortishiga mustahkam zamin yaratishiga hamda Oʻzbekistonni yetakchi davlatlar qatoridan joy olishiga koʻmaklashishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер