Turkiya Prezidenti: Imom Buxoriy nomidagi mukofotni olishdan ulkan sharaf va gʻurur tuyaman

22:32 10 Noyabr 2022 Siyosat
1299 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi.

Turkiy davlatlarning Samarqand sammiti doirasida mazkur mukofotni topshirish marosimi boʻldi.

Avvalo, shuni aytish joizki, ikki rahbarning ham Imom Buxoriy hazratlariga hurmati juda yuqori. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan alloma maqbarasi yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu haqda 2017-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida aytganida, Turkiya Prezidenti “bu yuksak minbardan Imom Buxoriy hazratlarining moʻtabar nomi birinchi marta yangradi” deya mamnun boʻlgan edi.

Bu yil Prezidentimiz taklifiga koʻra, Oʻzbekistonning “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etildi. Bu mukofot bilan ilm-maʼrifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini oʻrganish va keng targʻib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari taqdirlanadi.

– Ushbu oliy orden Sizning islom maʼrifatini keng yoyish, dunë miqyosida musulmonlarning manfaatlarini himoya qilish, ummatimizning birdamligi va farovonligini taʼminlash, diniy bagʻrikenglikni qaror toptirish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash yoʻlidagi ulkan ishlaringizning munosib eʼtirofidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev marosimda.

Rejep Tayyip Erdogʻanga mukofotni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirdi.

Turkiya Prezidenti buyuk muhaddis nomidagi ordenni olishdan benihoyat mamnun ekanini taʼkidladi.

– Hadis va fiqh ilmining choʻqqisi boʻlgan Imom Buxoriy nomidagi bu qimmatli mukofotni olishdan ulkan sharaf va gʻurur tuyaman. Shavkat Mirziyoyevni ilk tanigan paytlarimdan buyon Imom Buxoriy merosidan namunalar keltirib soʻzlagani uchun menda qardoshimga farqli bir hurmat-muhabbat paydo boʻlgan. Uning saʼy-harakatlari bilan Samarqandda ilm dargohlari qurildi, Turkiya va Oʻzbekiston olimlari yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu ordenni xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy va abadiy qardoshlikning, hamma sohada rivojlanib borayotgan munosabatlarimizning kuchli ramzi sifatida qabul qilaman. Oʻz nomimdan va millatim nomidan bu yuksak eʼtibor Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, – dedi Rejep Tayyip Erdogʻan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер