Turkiy dunyoda — yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasi

10:02 15 Noyabr 2021 Jamiyat
1570 0

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichida dadil va aniq maqsadlar bilan ildamlab bormoqda. Dunyo tarixida “Yangi Oʻzbekiston” deb atalmish sharafli nom bilan shuhrat qozonayotgan Vatanimiz tubdan yangilanish, oʻsish hamda yuksalish jarayonida shiddat bilan yuqorilayapti.

Xalqimiz hayotida yangi davr boshlangani barcha sohada tezlik bilan boʻy koʻrsatayotir. Ayniqsa, Yangi Oʻzbekiston milliy strategiyasining xalqaro miqyosda tan olinishi va eʼtirof etilishi bu borada biz erishgan chinakam oliy yutuq, desak, mubolagʻa emas. Zero, jahon minbarlaridan turib, milliy qarash hamda maqsadlarimizni toʻla ifoda etayotganimizning oʻzi ham bir gʻalaba, aslida.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sammitida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani va dunyo hamjamiyatini oʻylantirayotgan oʻnlab masalalarda aniq takliflarni ilgari surgani tarixiy voqelik sifatida qayd etilgan edi.

Prezidentimizning joriy yilning 12-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sakkizinchi sammitida ishtirok etgani va nutq soʻzlagani esa mamlakatimizning umumiy til hamda mushtarak qadriyatlarga ega davlatlar oʻrtasida munosib oʻrin va nufuzga egaligini yana bir isbotladi.

Turk dunyosi va yirik xalqaro doiralar nigohida boʻlgan mazkur sammitda mamlakatimiz rahbari oʻz nutqi, takliflari, istiqbolli loyiha hamda tashabbuslari bilan chiqish qildi. Bu mamlakat rahbari timsolida yangi Renessans sari dadil qadam tashlagan yangi Oʻzbekistonning qudrati, kuchli poydevorga ega tashqi siyosati, farovon kelajagi hamda buguni qiyofasini yaqqol namoyon etdi.

Ushbu xalqaro ahamiyatga molik boʻlgan yirik voqelik toʻgʻrisida munosabat bildirish jarayonida Turkiy Kengash toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar keltirmoq joiz. Bundan 12 yil avval Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga asos solingan. Hozirda tuzilma tarkibida Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon hamda Oʻzbekiston kabi mamlakatlar bor. Vengriya Kengashning kuzatuvchisi boʻlsa, Turkmaniston betaraf davlat sifatida uning doimiy mehmonidir.

Turkiy Kengashning asosiy vazifasi aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlash, xavfsizlikni taʼminlash borasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hamda doimiy ravishda mustahkamlab borishdir. Davlat rahbarlari darajasidagi mazkur sammitlar Tashkilotning oliy tuzilmasi boʻlib, 2011-yildan boshlab har yili bir marotaba oʻtkazib kelinmoqda.

Aytish joizki, Oʻzbekiston tuzilma doirasida keng qamrovli aloqalarni tobora faollashtirib, dolzarb tashabbuslarni doimiy ravishda ilgari surib borayotgani hali ishga solinmagan juda katta imkoniyat va salohiyatdan toʻliq hamda unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Sammitda oʻrtaga tashlangan savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport, taʼlim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari, shuningdek, uning natijalari boʻyicha imzolangan oʻndan ortiq hujjatlarda yurtimizning bugungi hamda yaqin istiqboldagi taraqqiyot yoʻliga hamohang maqsadlar ifoda etilgani, shuningdek, barcha turkiy tilli xalqlar uchun birday manfaatli ekanligi gʻoyatda muhimdir.

Prezidentimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitidagi nutqi, shubhasiz, mazkur Kengashga aʼzo davlatlarning umumiy manfaatlari va rivojlanish tamoyillarini inobatga olgan, eng muhimi, oʻzida turkiy tilli xalqlarning oʻzaro birdamligini ifoda etuvchi, bugungi davr hamda globallashuv oqimida gʻoyat dolzarb masalalarga oʻziga xos yechimni koʻrsatib oʻtgan mukammal nutq sifatida jarangladi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida “Turkiy dunyo nigohi — 2040” istiqbolli dasturiy hujjati turkiy xalqlar hayotidagi ezgu maqsadlarga xizmat qilishiga alohida urugʻ berar ekan, qardosh mamlakatlarning yaqin va oʻrta istiqboldagi hamkorligi samaradorligini oshiruvchi muhim takliflarni oʻrtaga tashladi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Turkiy davlatlar savdo hamkorligi boʻyicha tadqiqot markazini tashkil etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun transport va tranzit masalalariga alohida eʼtibor qaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tashkilot negizida «Injiniring va texnologiyalar markazlari»ni tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekistonda “Turkiy davlatlar sanoat haftaligi”ni oʻtkazish, BMT bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish, “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish singari takliflari toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz mintaqa hayoti hamda kelajagi haqida soʻzlar ekan, Afgʻonistondagi hozirgi murakkab vaziyatga ham eʼtibor qaratish, ushbu mamlakatni gumanitar inqiroz va xalqaro maydonda yakkalanib qolishi hamda uning terrorchilar makoniga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Bu daʼvat sammit ishtirokchilarining eʼtiborini tortdi, mazkur masalada yurtimiz gumanistik strategiyasini ham ifoda etdi.

Prezidentimiz mazkur sammitda turkiy xalqlarning mushtarak siymosi, turkiy dunyo birligiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir hamda davlat arbobi Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish haqidagi qaror qabul qilinganini olqishladi. Turkiy dunyoning buyuk vakillari umumbashariy madaniyat hamda sivilizatsiya taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshganiga urgʻu berdi. “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazi”ni tashkil etish borasida taklif esa bu boradagi barcha ulugʻvor maqsadlarning asosini koʻrsatdi.

Davlatimiz rahbarining tarixiy nutqini tinglar ekanmiz, yosh avlodning har bir mamlakat hayoti va taqdiridagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratganlari hamda yuksak minbardan turib, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning kreativ gʻoya va loyihalarini ragʻbatlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot boʻlgan taʼsirlardan asrab-avaylash asosiy vazifa ekanligini taʼkidlab oʻtganlarini barchamizni benihoya toʻlqinlantirdi.

Ayni shu masalada qardosh davlatlarni yanada birlashtirish maqsadida 2022-yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilish taklifini berganlari katta olqishlar bilan kutib olindi. Bu esa, oʻz navbatida, yangi Oʻzbekistondagi yoshlar siyosatining munosib eʼtirofi hamda mintaqada yoshlar hamda ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yanada keng yoyilishiga munosib turtki boʻlib xizmat qildi.

Sammitda Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar mazkur tashkilot doirasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgani, qolaversa, umumturkiy maqsadlar roʻyobiga qaratilgani bilan diqqatga molikdir.

Aytish kerakki, jahonga yangi Oʻzbekiston qiyofasi bilan yuzlanayotgan, oʻz istiqboli va taraqqiyotini milliy strategiya asosida belgilab olgan, eng asosiysi, yoshlarni oʻzining faol, shijoatli, ilmu zakovatli, keng dunyoqarash hamda sogʻlom tafakkurli tayanchi, deb bilgan mamlakatimiz — yangidan nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotida munosib oʻrni va rolini koʻrsata oldi.

Kelgusi yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan sammit bugungi kunda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samarasi va muvaffaqiyatini koʻrsatuvchi, asosiysi, umumiy til hamda uygʻun qadriyatlar sohibi boʻlgan xalqlarning tarixiy uchrashuviga aylanadi, albatta.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер