“Turkiy adabiyot durdonalari” asarlari majmuasining taqdimoti oʻtkazildi

18:06 05 Oktyabr 2023 Jamiyat
807 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat asarlar majmuasining taqdimoti va mazkur asarlarning muallif va ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirda 100 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlovchi ishchi guruh aʼzolari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari boʻlgan yozuvchi, shoir va tarjimonlar, sharqshunos olimlar, jurnalistlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli mazkur 100 jildlik kitoblar turkumi Prezidentimizning Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining 2019-yil 15-oktyabr kuni Bokuda boʻlib oʻtgan 17-sammitidagi tashabbusiga muvofiq nashr etilgan.

Ushbu jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar — Turkmaniston va Vengriya davlatlarining XI-XXI asrlarga mansub 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.

— Mazkur majmuani tayyorlash uchun 200 dan ziyod tarjimonlar, 100 dan ziyod adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etildi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bosh mutaxassisi, 100 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlovchi ishchi guruhning muvofiqlashtiruvchi koordinatori Risolat Haydarova. — Mazkur 100 jildlik majmuaning 5 jildi umumiy adabiyotlar, 28 jildi oʻzbek, 5 jildi qoraqalpoq, 17 jildi turk, 16 jildi ozarbayjon, 10 jildi qozoq, 9 jildi qirgʻiz, 9 jildi turkman va 1 jildi venger adabiyotini oʻz ichiga oladi.

Asarlar majmuasining dastlabki nashri 200 ming nusxada chop etdi.

Taqdimot marosimi va ijodiy muloqot qiziqarli hamda unutilmas lahzalarga boy tarzda oʻtdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер