“Tun-iroq” mahallasi koʻzdan yiroqmi?

16:55 14 Aprel 2022 Jamiyat
821 0

Buxoro viloyati Kogon tumani “Tun-iroq” mahalla fuqarolar yigʻini uchun boshpana vazifasini oʻtayotgan joyni koʻrgan kishi “Mabodo, oʻtgan asrning 50-yillari haqida kinofilm olingudek boʻlsa, bu yer eng yaxshi dekoratsiya vazifasini bajargan boʻlur edi”, deyishi aniq. Har holda bizning xayolimizdan mana shu oʻylar oʻtdi.

Bu bejizga emas. Mahalla fuqarolar yigʻini oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida yogʻochdan qurilgan binoda faoliyat yuritmoqda. Nurab, tutday toʻkilib borayotgan bu boshpanada ishlayotgan xodimlarning sabr-toqatlariga balli! Ayniqsa, yogʻin-sochinli kunlarda qiyin. Mahalladan u yoki bu masalada koʻmak soʻrab kelganlarchi, dersiz. Ular qanday xulosaga kelishadi? “Mahallamizning oʻzi yordamga muhtoj ekan”, deya afsuslanishadi, tamom-vassalom.

Aytmoqchi, hududda keyingi bir-ikki yil ichida maktabgacha taʼlim muassasasi, umumtaʼlim maktabi uchun qoʻshimcha bino, shifo maskani qad rostladi. Aholi markazlashtirilgan ichimlik suv taʼminotidan bahramand boʻldi. Ammo mahallaga yangi bino qurilishi masalasida muz oʻrnidan jilmayapti. Vaʼda berishgan, albatta. Ammo quruq vaʼda bilan ish bitarmidi?! Yoki mutasaddilar “Tun-iroq” tumanning eng chekkasida, koʻzdan yiroq, degan oʻy bilan yurishibdimikan?

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер