Tugʻilgan kunga vaʼda qilingan “LACETTI GENTRA”

15:28 26 May 2022 Jamiyat
743 0

Foto: Illustrativ foto

Uning yoʻlini poylagan gʻijduvonlik

shifokorning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi

Hayot juda murakkab. Uning sahnasida, afsuski, odamiylik qiyofasini yoʻqotganlar ham bor. Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi qishloq oilaviy poliklinikalaridan birida shifokor vazifasida ishlovchi Odil Sayfullayev (ism-sharifi oʻzgartirilgan) ana shunday kimsaga duch kelib “chuv” tushib qoldi. Gap bemor sifatida uning huzuriga kelgan Navbahor Saparbayeva haqida bormoqda.

Shifokor muolajasini olgan bu ayol doktorning ishonuvchanligidan foydalanish payiga tushdi. Dastlab kam taʼminlanganlar uchun qurilayotgan koʻp qavatli uylardan birini unga olib bera bilishiga shama qildi. Odilboy esa “Men shukrki, kam taʼminlangan inson emasman.Tayinli ishim, hovli -joyim bor. Topish-tutishim joyida” deyishni xayoliga ham keltirmadi. Tili burro ayolga uyning boshlangʻich badali sifatida 18 million soʻmdan ziyod pulni berdi-qoʻydi.

Kunlar, haftalar oʻtdi. Shoʻrlik shifokorning shinamgina uyli boʻlish orzusi soʻnmay turib, Navbahor yana otga qamchi bosdi. “Tugʻilgan kuningizga “LACETTI GENTRA” avtomashinasini keltirib beraman!” dedi. Odilboy yana ishondi. Avtomashinaning ham pulini berdi.

Buyogʻini eshitsangiz, “Soddalik ham, ishonuvchanlik ham evi bilanda”, deyishingiz tayin.Odilboy tugʻilgan kunida eshigi oldida “LACETTI GENTRA” gijinglagan toyday turishini koʻz oldiga keltirib, davrani kengroq olish tashvishiga tushdi. Uyiga farzandu yor-birodarlarini chorladi. Toʻkin dasturxon yozdi. Oʻsha kuni hamma yoʻl poyladi, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ammo gijinglagan toyning qorasi koʻrinmadi. Odilboyning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Axir kimligini yaxshi bilmagan ayol qoʻliga oz emas, koʻp emas, 140 million 600 ming soʻmni qoʻshqoʻllab tutqazish hazilakam gap emas.

Oʻzining “chuv” tushib qolganini anglab yetgan shifokor huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat etdi. Ish sudgacha borib yetdi. Bu orada N. Saparbayeva fuqaro M. Sharipovaning ham ishonchini suiisteʼmol qilgani aniqlandi.

— Navbahor Saparbayevaning jinoiy harakatlari dastlabki tergov organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan toʻgʻri malakalangan deb hisoblaydi, — deydi mazkur ishni odilona koʻrib chiqqan jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudi sudyasi B. Achilov. — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 33-moddasida, agar shaxs sodir etgan qilmishda ushbu Kodeks Maxsus qismi ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud boʻlsa, u moddaning ogʻirroq jazo belgilangan qismi boʻyicha javobgarlikka tortilishi koʻrsatilgan.

Navbahor Saparbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan JKning 57-moddasini qoʻllab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, bu firibgar ayol ilgari jinoyat ishlari Gʻijduvon tuman sudining 2017-yil 19-iyuldagi hukmi bilan jazolangan. Keyin shartli ozod etilgandi. Shu jazoning shartliligi bekor qilindi. Ushbu hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qoʻshish yoʻli bilan N.Saparbayevaga uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер