Travmatologiya va ortopediya sohasidagi ilgʻor davolash usullari hududlarda ham joriy etilyapti

10:46 25 Avgust 2023 Jamiyat
487 0

Ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqqa yanada yaqinlashmoqda. Bir paytlar ilgʻor xorijiy mamlakatlar, keyinchalik asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik operatsiyalar, innovatsion diagnostika usullari endilikda hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etilyapti.

Xususan, oʻtgan qisqa davrda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida ham katta yangilanishlar yuz berdi.

Muassasada yangi boʻlimlar tashkil etildi. Viloyatlarda son suyagining tugʻma chiqishi, oyoqlar deformatsiyalari, suyak sinishlari kabi patologiyalarni erta aniqlash va davolash sifati yuqori bosqichga koʻtarildi.

Natijada olis va chekka hududlardan uzoq yoʻl bosib poytaxtga keluvchi bemorlar murojaatlari soni kamaydi.

Oʻz navbatida, bolalar ortopediyasi va bolalar travmatologiyasi boʻlimlari birlashtirilishi kichik yoshli bemorlar salomatligini tiklashda qoʻshimcha qulayliklar yaratdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston tibbiy amaliyotida noyob yoʻnalish — qoʻl va oyoq panjasi xirurgiyasi boʻlimi tashkil etildi. Yelka boʻgʻimi jarohatlari va kasalliklarini davolashda artroskopik texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida ikkinchi artroskopiya boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani sohada yana bir muhim qadam boʻldi. 

Reabilitatsiya — jahon tibbiyotida eng koʻlamdor yoʻnalish. Yurtimizda esa bu soha endi shakllantirilyapti. Jumladan, markazda ham alohida reabilitatsiya boʻlimi ochilishi bemorlarning tezroq va asoratsiz sogʻlom hayotga qaytishini taʼminlamoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan “Tibbiyotdagi islohotlar: yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” mavzusidagi davra suhbatida shu kabi yutuqlar eʼtirof etildi.

Yakunda islohotlar samaradorligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер