Transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etiladi — qonun loyihasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Majlisda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish hamda yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, yoʻl harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish, haydovchilar va piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yaxshilash, yoʻl harakatini tashkil etishni toʻliq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Shu bilan birga, ayrim haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik natijasida yoʻl-transport hodisalari soni ortib bormoqda. Jumladan, transport vositasini mastlik holatda boshqarish bilan haydovchi oʻzining harakatini anglay olmasligi oqibatida ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlmoqda.
Ayrim haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yoʻl harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan “agressiv boshqarish” holatlari koʻpaymoqda.
Qonun loyihasi bilan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, qoʻpol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum boʻlgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish belgilanmoqda. Yaʼni, ushbu norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Mazkur tartibga muvofiq, haydovchi bir yil davomida yoʻl harakati qoidalari bilan bogʻliq huquqbuzurliklarni sodir etish yoʻli bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini toʻplagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qoʻshimcha jazo sifatida qoʻllanishi belgilanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring