Transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi tubdan takomillashtiriladi
2021-yil 3-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Transport toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqdilar.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining maqsadi — avtomobil, havo, suv va temir yoʻl va shahar yoʻlovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilashga qaratilgan.
Loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlashda quyi palatadagi fraksiyalar, qoʻmitalarda qizgʻin muhokamalar tashkil etildi hamda bildirilgan takliflar Ishchi guruh va soha mutaxassislari tomonidan oʻrganilib, asoslilari inobatga olindi. Ayrim havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi. Xususan, qonun loyihasiga umumiy oʻnga yaqin toʻldirishlar qilindi. Loyihaning asosiy tushunchalarga oid moddasi qaytadan koʻrib chiqildi hamda “aralash tashish” tushunchasi Fuqarolik kodeksiga muvofiqlashtirildi.
Loyiha transport tashkilotlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini, transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish xavfsizligini taʼminlashi shartligi toʻgʻrisidagi qism bilan toʻldirildi.
Loyihada nazarda tutilganidek, transport infratuzilmasi obyektlariga yoʻlovchilar, yuk joʻnatuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, tashuvchilar va transport jarayonining boshqa ishtirokchilariga xizmat koʻrsatish, shuningdek, transport vositalarining ishlashini taʼminlash uchun moʻljallangan tuzilmalar, ishlab chiqarish va texnologik komplekslar kiradi. Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan cheklovlar ishlarning real holatini hisobga olmasligi va foydalanilmayotgan binolar ijaraga berilishini taqiqlagani sababli tadbirkorlik subyektlari huquqlari buzilishiga, shu bilan birga, transport infratuzilmasi obyektlari hududida joylashgan savdo shoxobchalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopilishiga, avtomobil yoʻllar boʻylab reklamalar joylashtirilishida cheklovlarga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan qonun loyihasida transport infratuzilmasi obyektlarining ishlashi va xavfsizligi taʼminlanishiga toʻsqinlik qiladigan iqtisodiy va boshqa faoliyatni amalga oshirishga hamda transport xizmatlarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmasligi yangi tahrirda bayon qilindi.
Deputatlarning taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring