Trampning sobiq maslahatchisi Epshteyn yordamida Papani agʻdarishni rejalashtirgan
Epshteyn ishi boʻyicha eʼlon qilingan materiallar yangi daʼvolarni yuzaga chiqardi, deb xabar bermoqda BILD nashri.
Unda aytilishicha, eʼlon qilingan materiallarda AQSH prezidenti Donald Trampning sobiq bosh strategi Stiv Bennon Rim-katolik cherkovi rahbari Papa Fransiskni agʻdarishni rejalashtirgani va bu borada Jeffri Epshteyndan yordam soʻragani maʼlum boʻlgan.
Oshkor qilingan hujjatlarga koʻra, Trampning birinchi muddati davomida lavozimidan chetlatilgan Bennon Epshteyn bilan doimiy aloqada boʻlib kelgan. Jumladan, 2019-yilning 18-iyun kuni Bennon Epshteynga “Fransiskni agʻdarib tashlayman” deb, xabar yoʻllagan.
Maʼlum boʻlishicha, Bennon Epshteynni Fransiyalik jurnalist Frederik Martelning “Vatikan shkafta” kitobini ekranlashtirish loyihasiga jalb etmoqchi boʻlgan va uni filmning ijrochi prodyuseri sifatida koʻrgan. 2019-yilda nashr etilgan kitob Vatikandagi ikkiyuzlamalik va maxfiylikka oid daʼvolar bilan katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan. Keyinchalik Martel, Bennon ushbu mavzuni siyosiy vosita sifatida qoʻllash niyatida boʻlganini tasdiqlagan.
Ommaviy axborot vositalarida yozilishicha, Papa Fransisk koʻp yillar davomida Bennon uchun mafkuraviy raqib boʻlib kelgan. Fransisk millatchilikka qarshi chiqishlari va immigratsiyani qoʻllab-quvvatlashi bilan Bennon qarashlariga zid pozitsiyada turgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring