Tramp Zelenskiyni uchinchi jahon urushini boshlashda aybladi — ikki yetakchining Oq uydagi uchrashuvi “dahanaki jang”ga aylanib ketdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan Oq uydagi Oval kabinetida muzokara oʻtkazdi. “RBK Ukraina” nashrining maʼlum qilishicha, ushbu uchrashuv bahs-munozaralarga boy boʻlgan.
Unga koʻra, Vladimir Zelenskiy oʻt ochishni toʻxtatish sulhiga tayyor emasligini hamda Kiyev bu sulhga rozi boʻlishi uchun Vashingtondan xavfsizlik kafolati berishini talab qildi.
Donald Tramp Zelenskiyning bu soʻroviga javoban AQSHga yetarlicha hurmat koʻrsatmayotganini va Amerikaga oʻzini qanday tutishi boʻyicha koʻrsatma berishga haqqi yoʻqligini aytgan. Shundan soʻng har ikki rahbar oʻrtasida “dahanaki jang” boshlangan.
“Biz sizga 350 milliard dollar berdik, siz hozir qiyin ahvoldasiz. Siz bizga men buni xohlayman, shuni xohlayman, deb ayta olmaysiz. Bizsiz qoʻlingizda kartalar yoʻq, bizdan minnatdor boʻlishingiz kerak. Yo biz bu bitimni tuzamiz yoki siz undan chiqasiz”, — deydi Tramp.
Ukraina yetakchisi Trampning bu nutqiga “Men bu yerga karta oʻynash uchun kelganim yoʻq”, — deb javob qaytargan.
Shuningdek, Tramp jurnalistlarning “Agar sulh tuzilmasa Ukrainaga yana qurol-aslaha yuborasizmi”, degan savoliga “Ha, biz koʻproq qurol yuborishimiz mumkin, lekin buni xohlamayapmiz. Urushni tezda tugatib, boshqa ishlar bilan shugʻullanishimiz kerak”, — deya javob berdi.
Uchrashuv davomida Trampga “Ukraina va Rossiya oʻrtasida vositachimisiz yoki Ukraina tomonidasizmi?”, degan savol ham berildi. Tramp esa vositachi ekanligini va hech kimning tarafini olmoqchi emasligini bildirgan.
“Men Rossiya va Ukraina oʻrtasidaman. Hech kim haqida yomon soʻz aytmoqchi emasman”, — deydi u.
Uchrashuv yakunida Zelenskiy Tramp aytgan oʻt ochishni toʻxtatish va sulh tuzishga qarshi chiqib, Rossiya baribir bu sulhni buzadi, deb hisoblashini maʼlum qildi.
“Bizga shunchaki oʻt ochishning toʻxtatilishi kerak emas. Bunday sulh tuzib koʻrganmiz, Putin uni 25-marta buzgan”, — deydi Zelenskiy.
Mazkur uchrashuv Donald Trampning Zelenskiyni Uchinchi jahon urushini boshlash bilan oʻynashayotganlikda ayblab, bu holat televideniye uchun ajoyib shou boʻladi, degan soʻzlari bilan oʻz yakuniga yetgan.
Ukraina yetakchisi ushbu uchrashuvdan soʻng ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida post yozib, AQSHga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
“Qoʻllab-quvvatlaganingiz hamda bu tashrif uchun rahmat. Prezidentga, Kongressga va Amerika xalqiga tashakkur. Ukrainaga adolatli va uzoq muddatli tinchlik kerak va biz aynan shu maqsadda ishlayapmiz”, — deb yozgan Vladimir Zelenskiy.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring