Tramp NATO bosh kotibini haqorat qildi — OAV
AQSH prezidenti Donald Trampning NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvi keskin ruhda oʻtgani maʼlum qilindi. Politico nashri manbalariga tayanib yozishicha, muloqot davomida alyans rahbariga nisbatan bir qator keskin va haqoratomuz bayonotlar yangragan.
Yevropalik mansabdorlardan biriga koʻra, uchrashuv “rejadan chiqib ketgan” va Tramp deyarli har qanday chora koʻrishi mumkinligi haqida ishoralar qilgan. Shuningdek, u Yevropaning Eron bilan bogʻliq ehtimoliy harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortganidan noroziligini bildirgan.
Maʼlum qilinishicha, muzokaralar 8-aprel kuni kechqurun boʻlib oʻtgan. Uchrashuvdan soʻng Donald Tramp NATO oʻzidan soʻralgan yordamni taqdim etmagani va kelgusida ham bunday yordam koʻrsatmasligini taʼkidlagan.
Oʻz navbatida, Mark Ryutte AQSH rahbari ittifoqdoshlardan ochiqcha norozi ekanini tan olgan. Bu esa alyans ichidagi munosabatlar keskinlashganini koʻrsatadi.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, AQSH alyans aʼzolarining Eron boʻyicha pozitsiyasiga javoban ularni “jazolash” rejalarini koʻrib chiqmoqda. Bu choralar orasida ayrim mamlakatlardan amerikalik harbiylarni olib chiqish ehtimoli ham bor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring