Tramp AQSH Eronga qarshi urushda oʻz maqsadlariga erishishga yaqin ekanini maʼlum qildi
Qoʻshma Shtatlar Eronga qarshi urushda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishga yaqin va harbiy kampaniyani “yakunlashni” koʻrib chiqmoqda, deb xabar berdi Donald Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.
Trampning soʻzlariga koʻra, harbiy operatsiyaning maqsadlari sirasiga Eronning raketa salohiyati va mudofaa-sanoat bazasini toʻliq yoʻq qilish, shuningdek, Eron harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini, jumladan, havo hujumidan mudofaa vositalarini tugatish kiradi.
Bundan tashqari, Tramp Eronning hech qachon yadroviy qurolga ega boʻlishga yaqinlashmasligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. AQSH Prezidentining soʻzlariga koʻra, Eronga qarshi urushning yana bir maqsadi “bizning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarimizni, jumladan Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA va boshqalarni eng yuqori darajada himoya qilish” hisoblanadi.
Tramp, shuningdek, Hoʻrmuz boʻgʻozidagi xavfsizlikni undan foydalanuvchi davlatlarning oʻzlari taʼminlashi kerakligini qoʻshimcha qildi. “Biz bu davlatlarga yordam beramiz, — deb yozdi u, — ammo Eron tomonidan kelayotgan tahdid bartaraf etilishi bilan bunga ehtiyoj qolmasligi kerak”.
AQSH va Isroil 28-fevraldan beri Eronga zarbalar bermoqda. Eron bunga javoban AQSHning Fors koʻrfazidagi ittifoqchi davlatlariga hujum qilib, jumladan, yonilgʻi-energetika infratuzilmalariga zarbalar bermoqda. Urush tufayli jahon neft yetkazib berish hajmining chorak qismi oʻtadigan Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalar harakati toʻxtatilgan. Dunyo boʻyicha neft va gaz narxlari keskin koʻtarilib ketdi.
Yaqin orada AQSH Yaqin Sharqdagi urush uchun yangi kuchlarni safarbar etishi kutilmoqda. Axios nashrining maʼlumotlariga koʻra, AQSH Prezidenti maʼmuriyati Eronning Fors koʻrfazidagi Xarg orolini bosib olish yoki dengiz blokadasiga olish rejasini ishlab chiqmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring