Tojikistondan 16 kg giyohvandlik vositasi olib kirgan shaxs qamaldi

13:01 01 Iyun 2025 Jamiyat
466 0

Videodan kadr

Tojikistondan Oʻzbekistonga 16 kilogramm giyohvandlik vositasi olib kelgan shaxs 15-yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, 2024-yilning 12-noyabr kuni DXX tomonidan Namangan viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Pop tumani hududida harakatlanayotgan “Lacetti” avtomashinasi toʻxtatilgan. Avtoulov xolislar ishtirokida tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan va 1984-yilda tugʻilgan fuqaroga tegishli yuk sumkasida 3 kilogramm 887 gramm “opiy” va 9 kilogramm 839 gramm “gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u Tojikiston fuqarosi bilan oʻzaro til biriktirib, qoʻshni davlatdan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish hamda sotib, moʻmay daromad topishni reja qilgani va ushbu moddalarni Toshkent viloyatining Boʻka tumanida qabul qilib olgani maʼlum boʻlgan.

Shuningdek, holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tergov tadbirlari davom ettirilib, 2024-yilning avgust sentyabr oylarida tojikistonlik narkosavdogar tomonidan Boʻka tumani hududiga yetkazib berilgan va mazkur shaxs qabul qilib olib, Dangʻara tumanida joylashgan oʻziga tegishli yer uchastkasiga yashirib qoʻygan 1 kilogramm 902 gramm “opiy” va 857 gramm “gashish” moddalari hamda 1 dona “Makarov” pistoleti, 2 dona oʻqdon va 18 dona patron ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Pop tuman sudi tomonidan mazkur fuqaro Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasining (kontrabanda) 1- va 2-qismlarida hamda 25, 273-moddasining (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер