Tojikistonda ikki kishi koronavirusdan vafot etdi
Arxiv surat
Tojikistonda koronavirus sabab ikki kishi halok boʻldi. Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi ham dastlabki ikki oʻlim holati qayd etilganini tasdiqlagan. Bemorlarning yoshi, shuningdek, ular boshqa kasalliklardan aziyat chekkan yoki chekmagani haqida maʼlumot berilmagan. Mamlakatda koronavirus yuqtirganlarning umumiy soni esa 76 nafarga yetgan.
Taʼkidlanishicha, 2-may kuni kechqurun Tojikiston shifoxonalarida 2782 kishi koronavirus belgilari bilan tibbiy kuzatuv ostida boʻlgan, soʻnggi 24 soat ichida 217 bemor koʻrikdan soʻng shifoxonalardan uyiga ruxsat berilgan.
Tojikistonda jamoat joylarida niqob taqib yurish majburiy qilib qoʻyilgan. Odam koʻp toʻplanadigan joylar gigiyena vositalari bilan taʼminlangan.
Eslatib oʻtamiz, Tojikistonda koronavirus aniqlangani haqida 30-aprel kuni eʼlon qilingandi. Unda 15 kishida koronavirus aniqlangani, kasallanganlarning 10 nafari Soʻgʻd viloyatida, 5 nafari esa Dushanbe shahrida ekanligi maʼlum qilingan edi.
Ayni vaqtda Tojikiston virus aniqlangan eng oxirgi davlat boʻlib turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring