Toshkentning 10 ta koʻchasida pulli “parkovkalar” ochilishi mumkin

11:49 27 Mart 2021 Jamiyat
2173 0

“Toshkent shahri markaziy koʻchalarida pulli avtomobil toʻxtash joylarini tashkil etish boʻyicha eksperimentni amalga oshirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaror loyihasi eʼlon qilindi.

Qaror loyihasiga koʻra, hokimlik tomonidan tashkil etilgan parkomatlarda pulli avtomobil toʻxtash joyiga joylashtirish narxlari aholining zichlik darajasi va shahar koʻchalarining qatnov qismlarini oʻtkazish qobiliyatini hisobga olgan holda hokimlik tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan narxlarni belgilash meʼzonlari va tartibiga asosan belgilanadi;

Narxlarni belgilash meʼzonlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan parkomatlarda avtomobil toʻxtash joyiga joylashtirish narxi va eng kam hisob-kitob vaqti davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga asosan belgilanadi;

Parkomatdan foydalanganlik uchun haq toʻlash avtomobil toʻxtash joylari talonlari va (yoki) shartnoma asosida naqd va naqd boʻlmagan shaklda amalga oshiriladi;

Haq toʻlash uchun foydalanuvchi avtomatik elektron toʻlash texnik vositalaridan foydalanishi mumkin boʻladi;

Foydalanuvchi parkomatlardan foydalanganlik uchun toʻlovni oldindan shartnoma asosida naqd va naqd boʻlmagan shaklda elektron tizimlari yoki mobil ilovalar yordamida amalga oshirishi lozim. Bunda foydalanuvchi parkomat oʻrnatilgan joydan 10 daqiqa mobaynida bepul foydalanish huquqiga ega boʻladi;

Toʻlovni amalga oshirishda foydalanuvchi avtomobilning davlat raqami, avtomobil toʻxtash joyiga kelgan sanasi va vaqtini, toʻxtash joyi nomini (raqamini), avtomobilni qancha muddatga joylashtirishini koʻrsatadi;

Foydalanuvchi parkomatdan foydalanishi uchun oldindan avtomatik ravishda avtomobil toʻxtash joyi talonini oladi;

Talonda avtomobilning davlat raqami, foydalanuvchi parkomatga kelgan sanasi va vaqti koʻrsatiladi. Bu avtomobilni vaqtinchalik joylashtirish uchun foydalanuvchi va parkomatning egasi oʻrtasida tuzilgan ommaviy shartnoma hisoblanadi;

Foydalanuvchi avtomobilni saqlash uchun parkomatda toʻlangan muddat oʻtgandan soʻng avtomobilni olib chiqib ketishi yoki keyingi muddatga toʻlovni oʻrnatilgan tartibda amalga oshirishi kerak boʻladi;

Foydalanuvchi avtomobil toʻxtash joyi talonini qoʻliga olgach, uni avtomobil asboblar panelida nazoratchi koʻrishi uchun qulay joyga qoʻyishi shart boʻladi. Avtomobil toʻxtash joyi taloniga pulli avtomobil toʻxtash joyi uchun toʻlangan vaqt haqida axborot (avtomobil toʻxtash joyi narxi – 1 soat, 1 soat 30 daqiqa va hokazo), talondan foydalanilgan sana va vaqt kiritilgan boʻlishi kerak;

Parkomatlardan pulli foydalanish vaqti hokimlik tomonidan belgilanadi;

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan parkomat ish rejimi hamda daromadlarning (foydaning) taqsimlanishi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda kelishilgan tartibda belgilanadi;

Parkomatlardan bepul foydalanish huquqi faqat I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar boshqarayotgan old va orqa oynalariga “7.17” yoʻl belgisi tasviri tushirilgan avtomobillarga hamda maxsus (Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, yongʻin xavfsizligi xizmati, tez tibbiy yordam) avtomobillarga ular bevosita avtomobil toʻxtash joyi hududida oʻz xizmatlarini oʻtayotgan vaqtda beriladi;

Parkomatlardan bepul foydalanish huquqi quyidagi hollarda nogironlik belgilari aniq koʻrinib turmagan nogironligi boʻlgan shaxslarga tatbiq etilmaydi:

  • nogironligini tasdiqlovchi hujjatlar (ularning koʻchirma nusxalari) boʻlmaganda;
  • avtomobilda 7.17 “Nogiron” yoʻl belgisi boʻlmaganda;
  • avtomobil nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ajratilmagan joyga qoʻyilganda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер